1000 dollar porani rad etgan inspektor shunga teng miqdorda mukofot oldi

Karmana tumanidagi statsionar postda mast haydovchining ishini yopti-yopti qilish uchun pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi.

1000 dollar porani rad etgan inspektor shunga teng miqdorda mukofot oldi © IIV Kadrlar departamenti, videodan kadr

Navoiy viloyatida yo‘l-patrul xizmati inspektoriga pora berishga uringan shaxs jinoyat ustida qo‘lga olindi. Hodisa haydovchining mast holatda transport boshqargani aniqlanganidan keyin sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 7-aprel kuni Karmana tumani hududidagi statsionar postda «Lacetti» rusumli avtomobil to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida haydovchining spirtli ichimlik iste’mol qilgani aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Keyinchalik haydovchining otasi yo‘l-patrul xizmati xodimlari oldiga kelib, ish materiallarini sudga yubormaslik va avtomobilni jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 1000 dollar taklif qilgan.

Inspektor poraga rozi bo‘lmadi

Inspektorlar fuqaroni bir necha bor pora berish ham, pora olish ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirgan. Biroq u o‘z taklifini takrorlashda davom etgan.

Shundan so‘ng yo‘l-patrul xizmati xodimining bildirishnomasi asosida Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishtirokida tezkor tadbir tashkil etilgan.

Tadbir davomida fuqaro 1000 dollarni pora sifatida bergan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan. Holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Halollik rag‘batlantirildi

Mazkur voqeadan keyin Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining buyrug‘i bilan Navoiy viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi, kapitan Sherbek Turxonov pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida mukofot puli berildi.

Ayni paytda pora taklif qilgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Теглар

Мавзуга оид