127 ming dollar undirildi — Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 100 dan ortiq o‘zbekistonlikka yordam berildi

Бугун 08:252 дақиқа

Rossiyada to‘rt oy davomida maoshsiz va oziq-ovqatsiz qolgan 105 nafar hamyurtimizning huquqlari himoya qilindi. Migratsiya agentligi va konsulxona sa’y-harakati bilan ish beruvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, maoshlarning bir qismi undirib berildi.

127 ming dollar undirildi — Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 100 dan ortiq o‘zbekistonlikka yordam berildi

Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan 100 nafardan ortiq o‘zbekistonlik ishchi ish beruvchi tomonidan aldab kelingani ma’lum bo‘ldi. Ishchilar to‘rt oy davomida ish haqi olishmagan, buning ustiga oziq-ovqat ta’minoti ham to‘xtatib qo‘yilgan. Umumiy qarzdorlik miqdori qariyb 24 million rublni (taxminan 324 ming AQSH dollari) tashkil etgan. Bu haqda Vazirlar mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi xabar bermoqda.

Vaziyat shu darajaga yetganki, hujjatlar bilan bog‘liq muammolar tufayli ayrim hamyurtlarimiz noqonuniy migrant holatiga tushib qolishgan. Ishchilar Migratsiya agentligiga murojaat qilgach, tezkor diplomatik va huquqiy jarayonlar boshlandi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi vakolatxonasi advokatlarni jalb qildi va Bosh konsulxona orqali Rossiyaning tegishli organlariga rasmiy nota yuborildi. Natijada, ish beruvchilarga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 145.1-moddasi (ish haqini to‘lamaslik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bugungi kunga kelib, 105 nafar vatandoshimizga 9,4 million rubl (taxminan 127 ming dollar) miqdoridagi maoshlari to‘lab berildi. Qolgan 23,9 million rubl miqdoridagi qarzdorlik esa joriy yilning 15-mayiga qadar to‘lanishi belgilandi.

 

Vatanga qaytish va moddiy ko‘mak

Huquqiy choralar bilan birgalikda, ishchilarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar olib borildi. Xususan, hamyurtlarimiz uchun oziq-ovqat ta’minoti qayta tiklandi. Mamlakatda qolish imkoni bo‘lmagan va noqonuniy holatga tushib qolgan fuqarolar Migratsiya agentligi ko‘magida O‘zbekistonga qaytarildi. Hozirda ularga vatanga qaytganidan so‘ng belgilangan tartibda moddiy yordam ajratish jarayoni boshlangan.

Ushbu muvaffaqiyatli amaliyot O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining yaqin hamkorligi natijasidir. Mutaxassislar xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni o‘z huquqlari buzilgan taqdirda darhol rasmiy vakolatxonalarga murojaat qilishga chaqiradi.

Теглар

Мавзуга оид