13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
Bu yil jami 677 ming 907 nafar abituriyent o‘qishga ariza topshirgan.
© gov.uzJoriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Ushbu toifadagi abituriyentlarga «Abituriyent ruxsatnomasi» shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun 2025-yilda bunday imkoniyatdan 678 abituriyent foydalangandi.
Ma’lumot uchun, bu yil jami 677 ming 907 abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 451 ming 744 nafari bu yilgi bitiruvchilar, 226 ming 163 nafari ta’lim muassasalarini avvalgi yillarda tamomlaganlardan iborat. Abituriyentlarning 365 ming 196 nafarini, ya’ni 54 foizini ayollar, 312 ming 711 nafarini yoki 46 foizini erkaklar tashkil etadi.
Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga 36 ming 500 nafar, oliy harbiy ta’lim muassasalariga 10 ming 581 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Ro‘yxatdan o‘tishda abituriyentlar tomonidan yuklangan xalqaro sertifikatlar tekshirilib, ularning 24 ming 526 tasi tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, joriy yilda test sinovlarini sifatli tashkil etish va o‘tkazish uchun 64 ta yopiq turdagi katta sig‘imli bino test sinovlariga tayyorlangan. Ularda bir kunda 70 ming 980 abituriyent test sinovida ishtirok etadi.





