Logo

2026-yilgi mundial «FIFA» uchun rekord daromad keltirdi

Кеча 22:452 дақиқа

AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilgan futbol bo‘yicha jahon chempionati «FIFA» tarixidagi eng daromadli turnirga aylandi.

2026-yilgi mundial «FIFA» uchun rekord daromad keltirdi

AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati Xalqaro futbol federatsiyasi («FIFA») tarixidagi eng muvaffaqiyatli tijoriy musobaqaga aylandi.

«FIFA» prezidenti Janni Infantinoning ma’lum qilishicha, turnirdan olinadigan umumiy daromad 15 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

«The Guardian» nashrining yozishicha, avvalroq federatsiya musobaqadan 11 milliard dollar daromad olishni rejalashtirgan edi. Daromadning kutilganidan yuqori bo‘lishiga asosan VIP xizmatlar va chiptalar savdosi, ayniqsa ikkilamchi bozordagi sotuvlar hissa qo‘shgan.

Final o‘yini uchun «Trophy Lounge» VIP lojasi chiptalari «FIFA» rasmiy saytida bir kishi uchun 34,5 ming dollardan sotilgan. Final oldidan ikkilamchi bozorda oddiy chiptalar narxi esa 10 ming dollargacha ko‘tarilgan.

Daromad uch barobar oshdi

Ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘lar 2023–2026 yillar sikliga tegishli bo‘lib, unga 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik xarajatlari ham kiritilgan.

Daromadning keskin o‘sishiga turnir ishtirokchilari sonining 32 tadan 48 ta jamoagacha ko‘paytirilgani ham ta’sir qilgan.

Taqqoslash uchun, 2018 yil Rossiyada o‘tgan jahon chempionati «FIFA»ga 6,4 milliard dollar daromad keltirgan bo‘lsa, 2022 yil Qatardagi mundialning to‘rt yillik sikli bo‘yicha daromadi 7,5 milliard dollarga yetgan.

Navbatdagi reja

Janni Infantinoning bildirishicha, «FIFA» 2030 yildan boshlab jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 ta terma jamoagacha oshirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

«Politico» ma’lumotiga ko‘ra, bu tashabbusning asosiy maqsadlaridan biri musobaqaning tijoriy salohiyatini yanada oshirish va yirik bozorlarni jalb qilishdir.

Biroq futbol jamoatchiligining bir qismi bunday kengaytirish musobaqa sifatiga salbiy ta’sir qilishi va kuchsiz jamoalar soni ortishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati g‘olibi Ispaniya terma jamoasi bo‘ldi, u o‘z tarixida ikkinchi marta ushbu unvonni qo‘lga kiritdi.

Россия - Украина уруши

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026

JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.

Теглар

Мавзуга оид