3 yil avval bankrot bo‘lgan Hi Tech Bank binosi auksionga qo‘yildi
Bino Toshkent markazida, Navoiy ko‘chasida joylashgan bo‘lib, 74 mlrd so‘mlik narx bilan sotuvga chiqarilgan.

2023-yilda iqtisodiy sud qarori bilan bankrot deb e’lon qilingan Hi Tech Bank binosi kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Bu haqda “E-auksion” platformasidan ma’lum bo‘ldi.
Bino Toshkent markazida, Navoiy ko‘chasida, Alisher Navoiy kinoteatrining oldida joylashgan. Auksion 13-mart kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Lot uchun 74 mlrd so‘m boshlang‘ich narxi qilib belgilangan. Bino yil boshidan beri 4-marta auksionga chiqarildi, biroq ularning birortasida xaridor topilmadi.
Obyekt ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 1500 kv m yer maydonida joylashgan.
Bino-inshootlar haqida ma’lumot:
— Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qurilish osti maydoni — 890 kv m
— O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilish osti maydoni — 86 kv m
Umumiy maydonlar:
— Umumiy maydoni — 5405 kv m
— Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan maydoni — 4429 kv m
— Hujjatsiz maydoni — 890 kv m
— O‘zboshimchalik bilan qurilgan maydoni — 86 kv m
Mulk nomida mavjud taqiq auksion g‘olibiga topshirilishidan oldin olib tashlanadi. Bino ichidagi uskunalarsiz sotiladi.
Avvalroq Shayxontohur tumani hokimiyati binosi 100 mlrd so‘mdan ko‘proqqa auksionga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.



