Abdurahmon Tashanovga oid sud ishi qo‘shimcha surishtiruvga qaytarildi

Бугун 10:502 дақиқа

Ma’muriy ishda arizachi va jabrlanuvchi yo‘qligi sabab sud materiallarni harbiy prokuraturaga qaytarildi.

Abdurahmon Tashanovga oid sud ishi qo‘shimcha surishtiruvga qaytarildi

12-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi inson huquqlari himoyachisi, «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish materiallarini rad etdi. Sudya M. Axmedov qaroriga ko‘ra, ishda jabrlanuvchi yoki arizachi mavjud emasligi aniqlangani uchun materiallar harbiy prokuraturaga qaytarildi.

Sud qarori yuzasidan Abdurahmon Tashanovning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, sud qonunga asoslanib qaror chiqargan va «Ezgulik» jamiyati olqishladi.

«Harbiy prokuratura ma’muriy ish materiallarini jabrlanuvchi yoki arizachi bilan to‘ldirib kelsa, ayblovning soxtaligi yana ham aniq bo‘lib qoladi. Xullas ish sindi va bu men uchun adolat tantanasidir. Mirobod sudiga tashakkur aytaman. Adolat ro‘yobga chiqishi uchun unga ishonish kerak — men shunday qilgandim», dedi Tashanov.

Abdurahmon Tashanov ishi

Eslatib o‘tamiz, Respublika Harbiy prokurori polkovnik Otabek Xolboyevning 2026 yil 28-fevraldagi qarori bilan Tashanovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202(2)-moddasi 1-qismi — «Yolg‘on xabar tarqatish» aybi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki surishtiruvni Harbiy prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tergovchisi, podpolkovnik Timur Muhitdinov olib borgan.

Ma’muriy ish materiallariga ko‘ra, Tashanov o‘zining «Facebook» sahifasida e’lon qilgan 2025 yil 11-dekabrda «Ikki mulozim davlatga xoinlikda ayblangan», 2026 yil 8-yanvarda «Vahshiyona qiynoq, zo‘raki iqrorliklar. Mahkum ahvoli og‘irligini iddao qilmoqda» hamda 2026 yil 3-fevralda «Vahshiyona qiynoq, xalqaro tashkilot bayonoti va prokurorning jur’ati» nomli postlari orqali O‘zbekiston Respublikasining qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan hokimiyati va organ vakillarining qadr-qimmati kamsitilishi va obro‘sizlanishiga olib keladigan axborotlarni tarqatgan.

Ayblovda ushbu postlar davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslarining obro‘siga putur yetkazuvchi axborot tarqatish sifatida baholangan. Shuningdek, Tashanov «Ozodlik Radiosi»ning YouTube platformasidagi «Ofis qurboni: Allamjonovga qarshi ko‘rsatma uchun qiynashdi» nomli ko‘rsatuvga bergan intervyusida ham yolg‘on axborot tarqatgani ta’kidlangan.

Теглар

Мавзуга оид