Logo

Aleksandr Vuchich bir necha haftadan so‘ng prezidentlikdan ketishini ma’lum qildi

Кеча 22:251 дақиқа

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich yana bir necha hafta davlat rahbari sifatida ishlashini, shundan so‘ng esa iste’foga chiqishini bildirdi. U parlament saylovlarida ishtirok etish niyati borligini ham ma’lum qildi.

Aleksandr Vuchich bir necha haftadan so‘ng prezidentlikdan ketishini ma’lum qildi © rbc.ru

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bir necha haftadan so‘ng prezidentlik lavozimini tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

27-iyun kuni o‘z tarafdorlari ishtirokida o‘tgan mitingda so‘zga chiqqan Vuchich prezidentlik faoliyati yakunlanayotganini aytdi.

“Menga prezidentlikdan hech qachon ketmaysan, deyishgandi. Ammo respublika prezidenti sifatidagi so‘nggi kunlarim va haftalarimni o‘tkazyapman. Yana bir necha hafta prezident bo‘laman, keyin esa iste’foga chiqaman”, — dedi u.

Shu bilan birga, Vuchich mamlakatda o‘tkazilishi kutilgan parlament saylovlarida ishtirok etish niyati borligini bildirdi. Avvalroq, aprel oyida u parlamentni muddatidan avval saylash imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgan edi. Saylovlar kuz faslida o‘tkazilishi kutilmoqda.

So‘nggi oylarda Vuchich bir necha bor lavozimini tark etishi mumkinligini ta’kidlagan. Uning amaldagi prezidentlik vakolati 2027-yilda yakunlanadi. Serbiya Konstitutsiyasiga muvofiq, bir shaxs ikki muddatdan ortiq prezidentlik qila olmaydi. Vuchich avvalroq Konstitutsiyani o‘zgartirish niyati yo‘qligini va “diktator emasligi”ni bildirgan edi.

Amaldagi prezident Rossiya bilan yaqin munosabatlari bilan tanilgan. 2025-yil may oyida u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri birinchi marta Moskvaga tashrif buyurib, 9-may g‘alaba paradida qatnashgan.

Serbiyada esa 2024-yil noyabridan buyon talabalar boshchiligida ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Namoyishchilar muddatidan avval prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni talab qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид