Alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat berildi

Бугун 17:032 дақиқа

O‘zbekistonda 1-iyundan mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat beriladi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat berildi © foodsafety.ru

26-may kuni imzolangan «Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga ko‘ra, mehmonxona, restoran va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar berilgan.

2026 yil 1-iyundan boshlab mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan:

Alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;
Alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.

Umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun:

Ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish xakini to‘lash tartibi joriy etiladi;
To‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi;
Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash hududlardan foydalanishda to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdori Soliq kodeksida belgilangan tartibda aniqlanadigan yer soligining bir baravari miqdorida belgilanadi.

2027 yil 1-yanvardan boshlab:

Alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida belgilanadi;
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga umumiy maydoni 1000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;
Kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini ikki barobarga oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.

Avvalroq, 1-apreldan alkogol va tamaki mahsulotlari uchun naqd pulda hisob-kitob qilish taqiqlangan edi. Keyinroq umumiy ovqatlanish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ushbu cheklovni qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarilgandi.

Теглар

Мавзуга оид