AQSH–Eron mojarosining 48-kuni

Кеча 22:006 дақиқа

Pokiston vositachiligida AQSH va Eron o‘rtasidagi muloqot jadallashmoqda; Islomobodda muzokaralarning yangi raundi boshlanishiga nisbatan ishonch ortib bormoqda.

AQSH–Eron mojarosining 48-kuni

AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarni qayta tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlar jadallashmoqda. Bu jarayonda Pokiston yana bir bor muhim vositachilik rolini o‘z zimmasiga olgan — mamlakat rahbariyati Tehronda va Fors ko‘rfazi davlatlarida yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Urushni tugatish yo‘lidagi yangi tashabbuslar fonida, Pokiston armiyasi qo‘mondoni feldmarshal Osim Munir boshchiligidagi delegatsiya Tehronga tashrif buyurdi. Uning AQSHdan kelgan muhim xabarlarni yetkazishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Saudiya Arabistoni, Qatar va Turkiyani o‘z ichiga olgan mintaqaviy tashrif doirasida Ar-Riyodga yetib keldi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oiyning so‘zlariga ko‘ra, Islomoboddagi muzokaralar yakunlanganidan beri Tehron va Vashington o‘zaro aloqada bo‘lib turibdi. 15-aprel kuni Vashington Pokiston poytaxtida muzokaralarning yangi bosqichi boshlanishi borasida ijobiy signal berdi.

Biroq, diplomatik intilishlar keskinlik ortib borayotgan bir paytda yuz bermoqda: Eron AQSHning dengiz qamaliga nisbatan javob choralarini o‘z hududiy suvlaridan tashqariga ham yoyishi mumkinligidan ogohlantirdi. Vashingtonda esa fikrlar bo‘linishi davom etmoqda — AQSH Senati Kongress roziligisiz urush olib borish vakolatini cheklash to‘g‘risidagi taklifni rad etdi.

Erondagi vaziyat

  • Ho‘rmuz bo‘g‘ozida keskinlik saqlanib qolmoqda: Maslahatchi Mohsen Rizoiy agar Vashington dengiz qamalini davom ettirsa, Eron AQSH kemalarini nishonga olishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu ogohlantirish AQSH Eron portlari bilan aloqador kemalarga nisbatan cheklovlarni kuchaytirgan, natijada ko‘plab kemalar ortga qaytarilgan bir paytda yangramoqda.

  • Yadroviy masalada ehtimoliy siljish: Tahlilchi Abbos Aslaniyning aytishicha, agar Vashington kelishuvga jiddiy yondashsa, Tehron yadroviy shaffoflikni ta’minlashga tayyor. Biroq AQSHning yangi sanksiyalari va portlar qamali o‘zaro ishonchsizlikni yanada kuchaytirmoqda.

«Hozirda tomonlar o‘rtasida kuchli ishonchsizlik mavjud. Eron har qanday ssenariyga — muzokaralardagi ijobiy siljishga ham, harbiy mojaroga qaytishga ham tayyor», — dedi u «Al Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida.

  • Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi xitoylik hamkasbi Van Yi bilan telefon muloqoti chog‘ida AQSHning Fors ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi «ig‘vogarona harakatlari» og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Urush diplomatiyasi

·         Muzokaralarning ikkinchi raundi: Oq uy AQSH Eron bilan tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichini o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilayotgani va kelishuvga erishish borasida ijobiy kayfiyatda ekanini bildirdi.

·         Xitoy tinchlik muzokaralari sur’atini qo‘llab-quvvatlaydi: Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi eronlik hamkasbi bilan suhbatda Pekin «o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralari sur’atini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidladi.

·         Saudiya valiahd shahzodasi va Pokiston bosh vaziri uchrashdi: Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va Shahboz Sharif Jiddada mintaqaviy masalalarni, jumladan, AQSH–Eron muzokaralarini muhokama qildi. Saudiya axborot agentligining xabar berishicha, Pokiston mezbonlik qilayotgan muzokaralar uchrashuvning diqqat markazida bo‘lgan.

·         AQSH va Qatar: AQSH prezidenti Donald Tramp Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan mintaqadagi voqealar va energetika masalalarini, xususan, neft bozori va gaz narxlarini muhokama qildi.

AQSHdagi vaziyat

·         Yangi sanksiyalar: AQSH rasmiylari eronlik kemasozlik magnati Muhammad Husayn Shamxoniyning neft tashish tarmog‘iga aloqador bo‘lgan 20 dan ortiq shaxs, shuningdek, kompaniyalar va kemalarni nishonga oldi.

·         10 ta kema Eron portlariga kiritilmadi: AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotlariga ko‘ra, dengiz qamalining dastlabki 48 soati ichida 10 ta kema to‘xtatilgan yoki yo‘nalishi o‘zgartirilgan. Hozirgacha Eron portlaridan birorta ham kema chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmagan.

·         Kongressdagi bo‘linish: Senat AQSHning urushdagi ishtirokini cheklashga qaratilgan urinishlarni rad etdi va Isroilga qurol sotishni to‘sish bo‘yicha takliflarni blokladi. Shunga qaramay, tobora kuchayib borayotgan e’tirozlar siyosiy bosim yo‘nalishi o‘zgarayotganidan dalolat bermoqda.

Isroildagi vaziyat

·         «Mushtarak» maqsadlar: Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronni jilovlash masalasida Isroil va AQSH to‘liq hamfikr ekanini ta’kidladi.

·         Sulh uchun bosim va davom etayotgan janglar: Xalqaro bosimlarga qaramay, Netanyaxu Isroil harbiy operatsiyalarni davom ettirishini ta’kidladi.

·         «Hizbulloh»ni tugatish: Isroil bosh vaziri so‘nggi o‘n yilliklardagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Livandagi asosiy ustuvor vazifa «Hizbulloh»ni butunlay qurolsizlantirish va tarqatib yuborish ekanini aytdi.

«Bizning ikkita asosiy maqsadimiz bor: birinchisi — «Hizbulloh»ni tugatish; ikkinchisi — kuchga tayangan holda barqaror tinchlikka erishish», — dedi u.

Livandagi vaziyat

·         To‘xtovsiz zarbalar: Livanning janubiy va sharqiy hududlari, xususan, Kafr-Sir va Nabatiya aholi punktlari uzluksiz havo hujumlari va artilleriya zarbalari ostida qolmoqda. Mayfadunga qilingan hujum oqibatida to‘rt nafar tibbiyot xodimi halok bo‘ldi. Shuningdek, mazkur hududda Isroilning harbiy texnikasi va buldozerlari jadal harakatlanmoqda.

·         Livanning ma’muriy islohotlar bo‘yicha vaziri Fadi Makki Livan janubida tibbiyot xodimlarining o‘limiga sabab bo‘lgan hujumni «navbatdagi urush jinoyati» deb atadi.

·         «Endi mavjud bo‘lmagan uylar»: «Hatto o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgan taqdirda ham, haqiqat dahshatli... Chegara bo‘yidagi butun boshli aholi punktlari vayron qilingan», — deb xabar beradi «Al Jazeera» muxbiri Malkolm Uebb. Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil Litani daryosigacha bo‘lgan hududni nazorat qilish maqsadiga hali erishgani yo‘q.

·         BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal BMTning boshqa ekspertlariga qo‘shilib, Isroilni Livanni bombalashni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Rajagopalning yozishicha, Isroil armiyasi Livan janubida ham xuddi G‘azo va bosib olingan Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi kabi «bir xil strategiya»ni qo‘llamoqda.

·         Diplomatik keskinlik: «Hizbulloh» AQSH mezbonligidagi Isroil-Livan muzokaralarini «sharmandali» deb qoraladi. Shu bilan birga, AQSH Senatida Isroilga buldozerlar sotishni to‘xtatish bo‘yicha ovoz berishning muvaffaqiyatsiz yakunlangani tinch aholiga yetayotgan zarar borasida xavotirlar kuchayayotganini ko‘rsatmoqda.

Global iqtisodiyot

·         Ochlik xavfi kuchaymoqda: Jahon banki bosh iqtisodchisi AFP agentligiga bergan intervyusida urushning iqtisodiy oqibatlari butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarni ochlik yoqasiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

«Hozirning o‘zida qariyb 300 million odam oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. Urushning zanjirli ta’siri natijasida bu ko‘rsatkich juda tez fursatda 20 foizga oshishi mumkin», — dedi Indermit Gill.

·         Uoll-strit rekordlari: AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaroda kelishuvga erishilishiga nisbatan umidlar kuchaygan bir paytda, Uoll-stritning asosiy fond indekslari 15-aprel kungi savdolarni rekord darajadagi yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunladi.

 

Теглар

Мавзуга оид