AQSHda Tramp tasviri tushirilgan pasportlar chiqariladi
AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Donald Tramp tasviri tushirilgan maxsus pasportlar cheklangan miqdorda ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi.
© ReutersAQSHda davlat mustaqilligining 250 yilligiga tayyorgarlik doirasida yangi formatdagi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar — maxsus seriyali pasportlar chiqariladi. Bu haqda Davlat departamentiga tayanib, BBC xabar berdi.
Pasport kimlar uchun?
Ma’lum qilinishicha, ushbu pasportlar cheklangan miqdorda ishlab chiqariladi va faqat Vashington shahridagi pasport agentligi orqali taqdim etiladi. Agar fuqarolar pasportni onlayn tarzda yoki boshqa bo‘limlar orqali rasmiylashtirsa, ularga oddiy dizayndagi standart hujjat beriladi.
Pasport dizayni
Yangi pasportlarning ichki qismiga Donald Tramp tasviri va uning oltin rangdagi imzosi joylashtiriladi. Orqa muqovada esa amerikalik rassom Jon Trambalning mashhur «Mustaqillik deklaratsiyasi» asaridan parcha aks ettiriladi.
Hozircha mazkur maxsus seriyadagi pasportlar qancha nusxada chop etilishi ochiqlanmagan. Bu esa ularning kolleksion ahamiyati yuqori bo‘lishini ko‘rsatishi mumkin.
Ayni paytda amaldagi AQSH pasportlarida mamlakat tarixi va ramzlariga oid tasvirlar joy olgan. Jumladan, Oyga qo‘nish manzarasi hamda Ozodlik haykali kabi milliy simvollar aks ettirilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH G‘aznachilik departamenti 2026 yil iyun oyidan boshlab mamlakat banknotlarida prezident Donald Tramp imzosi joylashtirilishini ma’lum qilgan. Rasmiylarga ko‘ra, Tramp imzosi amaldagi G‘aznachilik kotibi Skott Bessent imzosi bilan birga joylashtiriladi. Ushbu tashabbus ham Amerika mustaqilligining 250 yilligini nishonlash doirasida amalga oshirilmoqda.





