«Asakabank» Boshqaruv raisi qidirmoqda. Talablar e’lon qilindi

26.02.2026 | 18:533 дақиқа

O‘zbekistondagi yirik va tizimli ahamiyatga ega banklardan biri hisoblangan «Asakabank» Boshqaruv raisi lavozimi uchun tanlov e’lon qildi.

«Asakabank» Boshqaruv raisi qidirmoqda. Talablar e’lon qilindi

O‘zbekistondagi yirik banklardan biri — «Asakabank» bank boshqaruv raisi (SEO) lavozimiga nomzodlar qidirmoqda. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

E’londa aytilishicha, bankni boshqarib boradigan hamda uni xususiylashtirishga tayyorlaydigan, strategik fikrlaydigan va faol yetakchilik qobiliyatiga ega Boshqaruv raisi izlanmoqda.

Ideal nomzod sifatida tashkiliy o‘zgarishlarni boshqarish, yuqori samarali jamoalarni shakllantirish va o‘lchanadigan natijalarga erishish bo‘yicha tasdiqlangan tajribaga ega, tan olingan yetakchi ko‘rilmoqda.

Mazkur lavozim yuqori darajadagi strategik kompetensiyalarni, manfaatdor tomonlar (steykxolderlar) bilan samarali hamkorlik qilish ko‘nikmalarini hamda tartibga solinadigan va raqobat muhitida samarali faoliyat yuritish qobiliyatini talab etishi qayd etilgan.

Boshqaruv raisi Kuzatuv kengashiga hisobdor bo‘lib, bankning korporativ madaniyati, strategiyasi va operatsion faoliyatini shakllantirishda muhim rol o‘ynashi kerak. Tanlovda dunyoning turli mamlakatlaridan malakali nomzodlar ishtirok etishi mumkinligi aytilgan.

Bo‘lajak boshqaruv raisiga qo‘yiladigan vazifalar:

Strategik yetakchilik va istiqbolni ko‘ra bilish

Jamoani shakllantirish va rivojlantirish

Korporativ madaniyatni transformatsiya qilish

Natijaga yo‘naltirilganlik

Operatsion transformatsiya

Manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro munosabatlarni boshqarish

Xatarlarni nazorat qilish va komplayens

Moliyaviy boshqaruv

Bozorni kengaytirish va innovatsiyalar

Nomzodga qo‘yiladigan asosiy talablar

Oliy ma’lumot:

Biznes boshqaruvi, moliya, iqtisodiyot yoki tegishli sohalar bo‘yicha magistr darajasi yoki boshqa akademik daraja (masalan, MBA, moliya magistri).

Professional sertifikatlarning (CFA, CPA yoki shunga teng malaka) mavjudligi muhim afzallik hisoblanadi.

Ish tajribasi:

Bank yoki moliya sohasida kamida 10 yillik boshqaruv tajribasiga ega bo‘lish, shundan kamida 5 yilini C-level darajasidagi yuqori rahbarlik lavozimlarida (Boshqaruv raisi, Boshqaruv raisi o‘rinbosari yoki ularga teng lavozimlarda) taqqoslanadigan moliyaviy tashkilotda faoliyat yuritgan bo‘lishi lozim.

Nomzod moliyaviy sohada yirik transformatsion loyihalarni (jumladan, raqamli transformatsiya), biznes-jarayonlarni optimallashtirish hamda tashkiliy madaniyatni o‘zgartirish bo‘yicha tasdiqlangan tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Xususiylashtirish, qo‘shilish va qo‘shib olish (M&A), strategik sotish yoki moliyaviy tashkilotlarni ro‘yxatga olish jarayonlarida muvaffaqiyatli ishtirok etganlik ustunlik beradi.

Bundan tashqari, nomzod yetakchilik va strategik fikrlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi, jamoani shakllantirish va rivojlantirish, tashkiliy o‘zgarishlar hamda biznes transformatsiyasini samarali boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, manfaatdor tomonlar bilan samarali muloqot qilish, moliyaviy va bozor ma’lumotlarini tahlil qilish, raqamli texnologiyalar va fintex yechimlarini tushunish talab etiladi. O‘zbekiston bank sektoridagi ish tajribasi afzallik beradi.

Nomzodlarda ingliz va rus tillarini to‘liq bilish talab qilinadi. O‘zbek tilini biladiganlarga ustunlik beriladi.

Ariza berish tartibi:

Nomzodlar recruitment@asakabank.uz elektron manziliga yoki www.career.asakabank.uz karera portali orqali batafsil rezyume, motivatsion xat va tavsiyalarini yuborishlari lozim.

Arizalar 2026 yil 10-martgacha qabul qilinadi. Tanlovning keyingi bosqichlariga faqat qisqa ro‘yxatga kiritilgan nomzodlar taklif etiladi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: +998 78 147-65-65 (ichki: 12-01).

Avvalroq «Asakabank»ning avvalgi Boshqaruv raisi Qudratilla To‘laganov Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi etib tayinlangandi.

Теглар

Мавзуга оид

«Asakabank» Boshqaruv raisi qidirmoqda. Talablar e’lon qilindi | Vaqt.uz