Avval bepul berilgan «Samarqandkimyo» ulushi 30 mln dollarga sotildi

Кеча 21:153 дақиқа

Investitsiya majburiyatlarini bajarmagan «O‘zkimyosanoat» «Samarqandkimyo» zavodining 16,92 foiz aksiyasini sotib oldi.

Avval bepul berilgan «Samarqandkimyo» ulushi 30 mln dollarga sotildi

«O‘zkimyosanoat» davlat kompaniyasi «Samarqandkimyo» kimyo zavodining 16,92 foiz aksiyasini 30 mln dollar evaziga sotib oldi. Bu haqda hukumat komissiyasi tomonidan Samarqand viloyatidagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish majmuasi qurilishi bo‘yicha o‘rganish natijalarida ma’lum qilindi.

Komissiyaga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarlik qildi, yig‘ilishda bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov ham ishtirok etdi.

Loyiha Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish majmuasini barpo etishni nazarda tutadi. Uning umumiy qiymati 390,5 mln dollarga baholanmoqda. Ishlab chiqarish majmuasi 190,4 gektar maydonda joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Zavod to‘liq ishga tushirilganda yiliga 910 ming tonna o‘g‘it ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi kerak. Bu hajmdan 370 ming tonnasi fosforli, 540 ming tonnasi esa murakkab mineral o‘g‘itlarga to‘g‘ri keladi.

Loyihaning eksport salohiyati yiliga 50 mln dollarga baholanmoqda. Shuningdek, korxonada 900 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha loyihani amalga oshirish uchun 427 mln dollar sarmoya jalb etilgan. Moliyalashtirish manbalari orasida 277 mln dollar kredit mablag‘lari, 120 mln dollar investorlarning o‘z mablag‘lari va 90 mln dollar «O‘zkimyosanoat» tomonidan kiritilgan investitsiyalar mavjud.

Loyiha doirasida Navoiy viloyatida fosforit rudasini qazib olish va boyitish ishlarini qamrab olgan «Neofos» dasturi ham amalga oshirilmoqda. Texnik-iqtisodiy asoslar Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markaziga yuborilgan. Kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng «O‘zkimyosanoat» tomonidan qo‘shimcha 60 mln dollar moliyalashtirish imkoniyatini ochish rejalashtirilgan.

Hozirgi holatga ko‘ra, loyihalashtirish ishlari 98,6 foizga yakunlangan. Asbob-uskunalarni yetkazib berish darajasi 80,6 foizni tashkil etgan, asosiy uskunalar allaqachon olib kelinib, montaj ishlari boshlangan. Biroq qurilish ishlari atigi 34,6 foizga bajarilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 1954 yilda tashkil etilgan «Samarqandkimyo» zavodi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan «Ferkensco Management Limited» kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari evaziga «nol» qiymatda berilgan.

Keyinchalik kompaniya Gonkongda qayta ro‘yxatdan o‘tgan. Investor kamida 200 mln dollar sarmoya kiritish, yangi majmuani qurish, qarzlarni to‘lash va 2023 yil 1-iyulgacha korxonani ishga tushirish majburiyatini olgan edi.

Shu bilan birga, investor 500 ta ish o‘rni yaratish va yiliga 600 ming tonna mineral o‘g‘it ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘lgan.

Loyihani moliyalashtirish uchun Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi jalb etilgan, bosh pudratchi sifatida esa Enter Engineering ishtirok etgan.

Biroq investor belgilangan muddatda majburiyatlarni bajara olmagan. Hukumat qarorlariga ko‘ra, investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar bajarilmagan taqdirda aksiyalar davlatga qaytarilishi mumkin. 2025 yil dekabr oyi oxirida davlat «Samarqandkimyo» ustidan nazoratning bir qismini qayta tiklagani ma’lum bo‘ldi.

Hozirgi kunda kompaniya aksiyalarining 75,06 foizi Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan «Ferkensco Management Limited» kompaniyasiga tegishli bo‘lib qolmoqda. Hukumat esa strategik loyihalarni yakunlash uchun yangi investorlar jalb etish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda. «Samarqandkimyo» negizida amalga oshirilayotgan «Neofos» loyihasi ana shunday muhim sanoat tashabbuslaridan biri hisoblanadi.

Теглар

Мавзуга оид