BAA Eronning iqtisodiy «tomiri»ni kesmoqchi

06.03.2026 | 21:352 дақиқа

Yaqin Sharqdagi harbiy to‘qnashuvlar fonida Birlashgan Arab Amirliklari Eron aktivlarini muzlatishni ko‘rib chiqmoqda.

BAA Eronning iqtisodiy «tomiri»ni kesmoqchi

​Birlashgan Arab Amirliklari hukumati davom etayotgan raketa va dronlar hujumiga javob chorasi sifatida Eronning mamlakat hududidagi aktivlarini muzlatishga tayyor ekani haqida Tehronga ogohlantirish berdi.

«​The Wall Street Journal» nashrining xabar berishicha, Amirliklar keng ko‘lamli moliyaviy cheklovlarni, jumladan, soxta kompaniyalarning hisobraqamlarini bloklash va valuta ayirboshlash shoxobchalarida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, ​kutilayotgan sanksiyalarning asosiy nishonlaridan biri Islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan bog‘liq moliyaviy tuzilmalar bo‘lishi mumkin. Bu esa Eronning harbiy dasturlarini moliyalashtirish kanallariga jiddiy zarba berishi kutilmoqda.

​Ta’kidlanishicha, ushbu choralarning amalga oshirilishi Eronning xorijiy valuta va global savdo tarmoqlariga chiqish imkoniyatini keskin cheklab qo‘yishi mumkin. Chunki BAA ko‘p yillar davomida G‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tishda muhim moliyaviy markaz vazifasini o‘tab kelgan. Tehron Amirliklar infratuzilmasi orqali jahon bozoriga neft eksport qilishni davom ettirgan va tushgan mablag‘larni rasmiy bank kanallarini chetlab o‘tib, mahalliy ayirboshlash punktlari orqali naqdlashtirib kelgan.

​28-fevral kuni Isroil qurolli kuchlari Erondagi harbiy obyektlarga hujum qildi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats buni «oldini oluvchi zarba» deb atadi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi.

​Keyinroq AQSH prezidenti Donald Tramp Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va «bevosita tahdid»ni bartaraf etish maqsadida Isroil bilan hamkorlikda Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini rasman tasdiqladi.

​Hozirda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuv bosqichiga o‘tgan. AQSH va Isroilning qo‘shma operatsiyasidan so‘ng, Tehron nafaqat Isroilga, balki qo‘shni arab davlatlariga ham daxldor bo‘lgan ommaviy javob hujumlarini boshlagan.

Теглар

Мавзуга оид