BAA prezidenti mamlakat «urush holatida» ekanini e’lon qildi

08.03.2026 | 08:552 дақиқа

Eronning Amirliklar hududiga uyushtirgan hujumlaridan so‘ng BAA rahbari keskin bayonot bilan chiqdi: mamlakat o‘z suverenitetini himoya qilishga va dushmanga munosib javob qaytarishga tayyor.

BAA prezidenti mamlakat «urush holatida» ekanini e’lon qildi

Bergan videomurojaatida BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayyan Eron hujumlaridan jabr ko‘rgan hududlarni borib ko‘rdi va mamlakat rasman «urush holatida» ekanini bildirdi.

«Biz urush holatidamiz va men va’da beramanki, biz o‘z burchimizni bajaramiz, chunki yaqinlarimizni va vatanimizni himoya qilishga majburmiz», — dedi u «Emarat Al Youm» nashriga ko‘ra.

BAA davlat rahbari Amirliklar «oson o‘lja» emasligini alohida ta’kidlab, mamlakatda yashayotgan xorijliklar ham davlat himoyasidagi aziz mehmonlar ekanini qayd etdi.

AQSH va Isroilning 28-fevralda boshlangan harbiy amaliyotiga javoban Tehron Vashingtonning mintaqadagi ittifoqchilariga, jumladan BAAga ham zarbalar bermoqda. Garchi hujumlar harbiy infratuzilmaga qaratilgan bo‘lsa-da, Dubaydagi «Burj al-Arab» mehmonxonasi, «Burj Xalifa» osmono‘par binosi yaqini va «Palm-Jumeyra» tumani kabi fuqarolik obyektlari ham shikastlangani xabar qilingan.

 

Obyektlarga hujum

7-mart kuni ertalab Eron Harbiy-dengiz kuchlari BAA va Kuvaytdagi AQSH obyektlariga dronlar bilan ommaviy zarba berdi. Abu Dabidagi «Al-Minhad» bazasi va Kuvaytdagi «Al-Adiri» lageri nishonga olindi. Dubaydagi xalqaro aeroport ham hujumga uchragan obyektlar qatorida qayd etildi. Bunday harakatlar mintaqaviy keskinlikni eng yuqori nuqtaga olib chiqdi.

«Axios» nashrining manbalariga ko‘ra, BAA rasmiylari Eronga nisbatan harbiy javob qaytarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Gap Eronning raketa majmualariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish haqida ketmoqda. Amirliklar prezidentining bayonoti mamlakatning harbiy kuch ishlatishga bo‘lgan siyosiy irodasini tasdiqladi.

 

Mintaqaviy xavfsizlik

BAA rahbariyatining qat’iy pozitsiyasi Fors ko‘rfazidagi xavfsizlik tizimi tubdan o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Ilgari faqat diplomatik va iqtisodiy vositalarga tayangan Amirliklar endilikda bevosita harbiy to‘qnashuv ostonasida turibdi. Bu esa global neft bozori va xalqaro aviaqatnovlar uchun yangi xavflarni keltirib chiqaradi.

AQSHning uchinchi aviatashuvchi guruhining mintaqaga kelishi va BAAning ehtimoliy harbiy javobi vaziyatni nazoratdan chiqarib yuborishi mumkin. Dunyo hamjamiyati Fors ko‘rfazidagi ushbu inqirozning keng ko‘lamli mintaqaviy urushga aylanib ketishidan xavotirda.

Теглар

Мавзуга оид