Logo

Barcha oliy ta’lim muassasalarida «Tadbirkorlik asoslari» fani o‘qitiladi

2026-yilda O‘zbekiston oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitiradi. Prezident mazkur yoshlarni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha yangi mexanizmlarni ko‘rib chiqdi.

Barcha oliy ta’lim muassasalarida «Tadbirkorlik asoslari» fani o‘qitiladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda oliy ta’lim qamrovi kengaygani natijasida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh mutaxassislar soni ham sezilarli oshgan.

Taqdimotda bitiruvchilar bilan individual ishlash, ularni iqtisodiyot tarmoqlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va oliygohlardagi karera markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

2025- yilda amalga oshirilgan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida 6 mingdan ziyod loyiha uchun 378 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu orqali qariyb 8 ming nafar bitiruvchining bandligi ta’minlangan.

Yangi moliyaviy imkoniyatlar

2026-yilda mazkur dasturni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, 8 mingdan ortiq loyihani moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m ajratish va 10 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, «TalabaExpo-2026» kasb ko‘rgazmalarini mamlakatning barcha hududlarida o‘tkazish, ish beruvchilar va tadbirkorlarni faol jalb qilish vazifasi belgilandi.

Bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi «career.edu.uz» platformasi orqali monitoring qilinib, jarayon mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi.

Karera markazlari

Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Barcha oliygohlarda karera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, ularning samaradorligi «Bitiruvchi sifati indeksi» orqali baholanadi. Eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygoh karera markaziga 500 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

Shu bilan birga, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida «Tadbirkorlik asoslari» fani joriy etiladi.

Prezident mutasaddilarga mazkur tashabbuslarni puxta ishlab chiqish va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Теглар

Мавзуга оид

Barcha oliy ta’lim muassasalarida «Tadbirkorlik asoslari» fani o‘qitiladi | Vaqt.uz