Logo

Barcha to‘lovlar faqat UzQR orqali amalga oshirilishi shart emas — Soliq qo‘mitasi

Бугун 10:552 дақиқа

Tadbirkorlar yagona QR-kod bilan birga bank kartalari, naqd pul va boshqa to‘lov usullaridan foydalanishda davom etishi mumkin.

Barcha to‘lovlar faqat UzQR orqali amalga oshirilishi shart emas — Soliq qo‘mitasi © Davlat soliq qo'mitasi

1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yagona QR-kodli to‘lov tizimi — UzQR orqali to‘lovlarni qabul qilish tartibi kuchga kirdi.

Shundan so‘ng tadbirkorlar va aholi orasida yagona QR-koddan foydalanish tartibi bo‘yicha turli savollar paydo bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi ushbu masala yuzasidan tushuntirish berdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, soliq organlari hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini belgilaydigan vakolatli organ hisoblanmaydi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan barcha yuridik shaxslar yagona QR-kodli to‘lov tizimi orqali to‘lov qabul qilish imkoniyatini yaratishi shart.

Biroq bu barcha hisob-kitoblar faqat UzQR orqali amalga oshirilishi kerakligini anglatmaydi.

«Yagona QR-kod xaridor uchun qo‘shimcha to‘lov usullaridan biri sifatida mavjud bo‘lishi kerak, xolos», — deyiladi xabarda.

Tadbirkorlik subyektlari o‘z tanloviga ko‘ra, davlat reyestriga kiritilgan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlari, bank kartalari, naqd pul hamda qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa to‘lov shakllaridan foydalanishda davom etishi mumkin.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi soliq organlari tomonidan ushbu jarayonga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Agar soliq xodimlari tomonidan davlat reyestriga kiritilgan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlarini olib tashlash bo‘yicha noqonuniy holatlar kuzatilsa, qo‘mitaning 71 244-98-98 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

Markaziy bank munosabati

Avvalroq Markaziy bank tizim orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar bo‘yicha umumiy komissiya ulushi 0,65 foiz etib belgilanganini ma’lum qilgandi.

●     0,10 foiz — ekvayer bank, ya’ni QR-kodni merchantga o‘rnatib bergan bank;

●     0,15 foiz — to‘lov Uzcard yoki Humo milliy kartalari orqali amalga oshirilganda tegishli ulush, shundan Uzcard 0,075 foiz va Humo 0,05 foiz bank kartasi emitentiga qaytaradi;

●     0,20 foiz — QR-kod operatori: tizimni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash, yagona koll-markaz faoliyati, mijozlar uchun shaxsiy kabinetlar hamda onlayn-KKM bilan integratsiya xarajatlarini qoplash uchun;

●     0,15 foiz — to‘lov tashabbuskori, ya’ni QR-kodni o‘quvchi mobil ilova;

●     0,05 foiz — to‘lovchi bank, ya’ni tizimda to‘lovni amalga oshiruvchi bank.

Markaziy bank tizim ishtirokchilari bir vaqtning o‘zida bir nechta ulush olishlari mumkinligini ham ta’kidladi. Masalan, agar to‘lov bankning o‘z ilovasida amalga oshirilsa va karta ham o‘sha bankniki bo‘lsa, bank jami 0,20 foiz olishi mumkin; agar merchant ham o‘sha bankning mijozi bo‘lsa, ulush 0,30 foizga yetishi mumkin.

Shuningdek, to‘lov bank kartasi orqali emas, balki bank hisobvarag‘i yoki elektron hamyon orqali amalga oshirilganda, elektron to‘lov vositasi egasi jami 0,15 foiz ulushni oladi.

Теглар

Мавзуга оид