Bayram kunlari qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi
19–25-mart kunlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» qo‘shimcha poyezd qatnovlari va o‘rinlarni ajratadi.

Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami arafasida qo‘shimcha poyezd qatnovlari va o‘rinlar ajratildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 19–25-mart kunlari jami 25 mingta qo‘shimcha o‘rin yaratildi. Shu doirada Toshkent—Samarqand—Toshkent yo‘nalishida 19–21-mart kunlari 6 ta qo‘shimcha «Afrosiyob» reysi yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent—Buxoro—Toshkent yo‘nalishida esa 19, 20, 21, 22, 23 va 25-mart kunlari qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi.
Ta’kidlanishicha, 19–24-mart kunlari Toshkent—Buxoro—Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha «Afrosiyob» poyezdlari ham harakatlanadi.
Shuningdek, 19–25-mart kunlari Toshkent—Xiva, Toshkent—Shovot, Toshkent—Qo‘ng‘irot, Toshkent—Termiz hamda Toshkent—Buxoro (Sharq) yo‘nalishlaridagi poyezdlarga 4 tadan qo‘shimcha vagon ulanadi. Ushbu choralar orqali amaldagi reyslarda yana 21,5 ming nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati yaratilishi ta’kidlanmoqda.
Kompaniyaga ko‘ra, chiptalarni rasmiy sayt, mobil ilova va temir yo‘l kassalari orqali xarid qilish mumkin.





