Bir yil kutilgan imtiyoz: pedagoglar farzandlari kontraktiga 30 foiz chegirma tasdiqlandi
Yangi tartib faqat pedagoglarning davlat OTMlarining bakalavriatida kunduzgi shaklda o‘qiydigan bolalariga tatbiq etiladi. Imtiyozdan foydalanish shartlari ham belgilandi.
© Фото: «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasiBir yil avval pedagoglarning farzandlariga e’lon qilingan imtiyoz nihoyat tasdiqlandi. Endi pedagoglarning davlat OTMlarida o‘qiyotgan farzandlari kontraktining 30 foizi chegiriladi.
Hukumatning 17-sentabrdagi 501-son qarori bilan pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan hamda tahsil olayotgan farzandlariga to‘lov-kontrakt summasi bo‘yicha chegirma berish tartibi rasman tasdiqlandi.
Chegirma kimlarga beriladi?
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma beriladi.
Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llaniladi.
Biroq imtiyoz barcha OTM va ta’lim shakllariga tatbiq etilmaydi. Jumladan, chegirma:
• oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlarida;
• O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar va ularning filiallarida;
• qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida;
• xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlarida;
• nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Chegirma qanday olinadi?
Chegirma olish uchun pedagog farzandi kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.
Arizani ko‘rib chiqishda uning pedagog farzandi ekani «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlanadi. Shundan so‘ng chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi.
Arizalar mas’ul tashkilot tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Chegirma bir o‘quv yili uchun bir marotaba beriladi.
Agar pedagogning otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan bo‘lsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab farzandiga chegirma qo‘llash to‘xtatiladi.
Imtiyoz bir yil avval va’da qilingan edi
Mazkur imtiyoz yangi e’lon qilinayotgani yo‘q. Davlat rahbari bu haqda bundan qariyb bir yil avval — 2025-yil 15-sentabrda, O‘qituvchilar kuni arafasida ma’lum qilgan va imtiyozlarni 2026-yil yanvaridan kuchga kiritishni va’da qilgan edi.
Prezidentning rasmiy tabrigida ham o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan imtiyozlar qatorida pedagoglar farzandlarining kontrakt to‘loviga chegirma berilishi qayd etilgan.
Biroq 2026-yil yanvariga kelib, ushbu imtiyozni amaliyotga joriy etish uchun zarur normativ-huquqiy hujjat hali e’lon qilinmagan edi.
Shu sababli Vaqt.uz 5-fevral kuni kuchga kirishi kerak bo‘lgan, biroq huquqiy asosi e’lon qilinmagan imtiyozlar yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov yuborgan edi.
O‘shanda vazirlik matbuot kotibi qarorni tayyorlash jarayoni davom etayotganini, uning qachon e’lon qilinishi bo‘yicha aniq muddat yo‘qligini bildirgan.
Oradan ikki oy o‘tib, 16-aprelda Vazirlar Mahkamasining 175-son qarori bilan o‘qituvchilarga va’da qilingan ayrim imtiyozlar rasman e’lon qilindi.
Endi esa 2025-yilda va’da qilingan yana bir imtiyoz — pedagoglar farzandlarining kontrakt to‘loviga 30 foiz chegirma berish tartibi ham rasman tasdiqlandi va 2026/2027-o‘quv yilidan amaliyotga joriy etiladi.





