«Biz bu kunlarni 34 yil kutdik» - Shavkat Mirziyoyev futbolchilar bilan uchrashdi

Uchrashuv davomida davlat rahbari O‘zbekiston milliy terma jamoasini AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati yo‘llanmasi bilan tabrikladi.

«Biz bu kunlarni 34 yil kutdik» - Shavkat Mirziyoyev futbolchilar bilan uchrashdi © Foto: president.uz

Bugun, 22-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida davlat rahbari futbolchilarni AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati yo‘llanmasi bilan tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezident o‘zining nutqida milliy terma jamoaning muvaffaqiyati tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi:

“Biz bu kunlarni butun xalqimiz, futbol ishqibozlari bilan 34 yil kutdik. Shu ma’noda, futbolchilarimizni O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochgan zadonamiz qahramonlari deb aytsak arziydi. Chunki ular har bir o‘yinga yuqori tayyorgarlik ko‘rib, yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik ruhi bilan faqat g‘alaba uchun maydonga tushdi. Xalqimizga olam-olam quvonch bag‘ishladi”, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.


Shavkat Mirziyoyev terma jamoaning mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish jarayonidagi hissiyotlari bilan ham o‘rtoqlashdi:

«To‘g‘risini aytsam, mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan kuni ko‘zimga uyqu kelmadi. Barcha yurtdoshlarimiz kabi men ham ich-ichimdan quvondim, bayram qildim», - dedi u.


Uchrashuvda Prezident futbolchilar, ularning oila a’zolari hamda murabbiylar shtabiga minnatdorlik bildirdi:

«Fursatdan foydalanib, maydonda jasorat va mahorat ko‘rsatgan futbolchilarimizga, ularni tarbiyalab, voyaga yetkazgan ota-onalari, ustoz va murabbiylariga tashakkur izhor etaman», - deya ta’kidladi davlat rahbari.

Jahon chempionati yo‘llanmasi

O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi. Bu natija 2025 yil 5-iyun kuni BAA terma jamoasiga qarshi kechgan o‘yinda (0:0 hisobidagi durang) rasman kafolatlangan. Turnir 2026 yil 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi guruhda Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalari bilan kuch sinashadi. Uchinchi turda raqib Kongo, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya terma jamoalaridan biri bo‘ladi. Jahon chempionati arafasida, 2026 yil iyun oyida O‘zbekiston terma jamoasi Kanada va Niderlandiya terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishi rejalashtirilgan (Niderlandiya bilan bahs 8-iyun kuni Nyu-Yorkda bo‘ladi). 2026 yilgi mundial vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQSHning Atlanta shahrida joylashadi.

2025 yilgi muvaffaqiyatli saralash o‘yinlaridan so‘ng, davlat rahbari futbolchilar, murabbiylar va jamoa xodimlarini davlat mukofotlari hamda BYD avtomobillari bilan taqdirlagan edi.

Теглар

Мавзуга оид