«Biz kuta olmaymiz»: Qozog‘iston Rossiyasiz mustaqil IES quradi

16.07.2025 | 22:303 дақиқа

Qozog‘iston hukumati Rossiyadan moliyaviy yordam kutmasdan, Ko‘kshetau shahrida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini mustaqil ravishda boshladi.

«Biz kuta olmaymiz»: Qozog‘iston Rossiyasiz mustaqil IES quradi
Qozog‘istonning Ko‘kshetau shahrida yangi issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishi boshlandi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov hukumat matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ostona ushbu loyihani Rossiya bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirgan, biroq moliyaviy kafolatlar olinmagani bois, qurilish mustaqil boshlangan. Bektenov Rossiya tomonidan arzon kreditlar bo‘yicha aniq ma’lumotlar berilmaganini aytdi. Shuning uchun Qozog‘iston loyihani cho‘zmasdan amalga oshirishga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti mamlakat uchun juda muhim va vaqtida bajarilishi kerak. 2024 yilda Rossiya va Qozog‘iston uchta issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolagan edi. «Inter RAO» kompaniyasi bosh pudratchi bo‘lishi rejalashtirilgan. Shartnomada loyiha Rossiya banklari tomonidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan. Qurilishning dastlabki qiymati 2,7 milliard dollarga baholangan. May oyida Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar haqida ma’lum qilgan va Ostona yangi investor izlashi kerakligini aytgan. Agar Moskva Semey va Ust-Kamenogorskdagi stansiyalar bo‘yicha yaqin vaqtda javob bermasa, Qozog‘iston bu loyihalarni ham mustaqil amalga oshirishni boshlaydi.

Теглар

Мавзуга оид