Logo

Biznes uchun jarimalarni to‘lashda yangi tartib taklif etildi

Бугун 12:272 дақиқа

Sud qarori chiqqan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lagan tadbirkorlar qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi. Shuningdek, jarimaning qolgan qismini olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham beriladi.

Biznes uchun jarimalarni to‘lashda yangi tartib taklif etildi © 123rf / Legion-Media

20-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning 11¹-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid loyihani uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Loyihaga ko‘ra, tadbirkorlar sud qarori chiqarilgan kundan boshlab bir oy ichida belgilangan moliyaviy jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, tadbirkorlarga jarimaning qolgan qismini olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida noqonuniy undirilgan jarimalarni qaytarish mexanizmi ham nazarda tutilgan. Jumladan, moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar tadbirkorga o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilishi kerak.

Noqonuniy jarima uchun foiz

Hujjatda undirilgan mablag‘larni qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bankning asosiy stavkasiga nisbatan belgilangan miqdorda foiz to‘lash tartibi ham ko‘zda tutilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabarida qayd etilishicha, o‘zgartishlar tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonunchilikdagi ushbu mexanizmlar jarimalarni qo‘llash va ularni undirish jarayonida tadbirkorlarning manfaatlarini hisobga olishga qaratilgan. Biroq taklif etilayotgan yengilliklar qonun belgilangan tartibda kuchga kirganidan keyingina amalda qo‘llanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident tadbirkorlar uchun barcha turdagi moliyaviy jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytirilishini ma’lum qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид