Logo

Bosh vazir o‘rinbosari ishdan olindi, Umurzoqov yangi lavozimga tayinlandi, Mirziyoyev Lukashenko bilan ko‘rishdi, yillik inflatsiya 6,4 foizga yetdi — hafta dayjesti

Бугун 10:007 дақиқа

Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan VAQT.UZ dayjestida batafsil tanishing.

Bosh vazir o‘rinbosari ishdan olindi, Umurzoqov yangi lavozimga tayinlandi, Mirziyoyev Lukashenko bilan ko‘rishdi, yillik inflatsiya 6,4 foizga yetdi — hafta dayjesti

O‘zbekistonda alifbo yangilanadi

Bu hafta ko‘pchilik yillar davomida muhokama qilib kelgan alifbo masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Parlament lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini zamon talablariga moslashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi endilikda 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan iborat bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanish tartibiga ham aniqlik kiritilmoqda.

Loyiha muhokamasi davomida deputatlar yangi alifboga o‘tish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. Shu bois qonun kuchga kirgunga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinishi, davlat idoralari binolaridagi peshlavha, ko‘rsatkich va boshqa ramziy belgilar esa belgilangan muddatgacha avvalgidek foydalanilishi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi endi Senatda ko‘rib chiqiladi. Agar ma’qullansa va belgilangan tartibda tasdiqlansa, yangilangan alifbo bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Yangi takliflar jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar bu harf birikmalarini alohida harflarga aylantirish yozishni qulaylashtiradi, deb hisoblasa, boshqalar bunga ko‘nikish qiyinligi va ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarishi haqida gapirmoqda.

Mirziyoyev Lukashenko bilan ko‘rishdi

9-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi.

Minsk shahrida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

Tashrif davomida Prezident Mirziyoyevni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko tantanali kutib oldi. Mustaqillik saroyidagi marosimda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi va davlat madhiyalari yangradi.

Rahbarlar muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, tashrif doirasida o‘tkazilgan norasmiy uchrashuv haqida Aleksandr Lukashenko jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida hazilomuz fikr bildirdi. Unga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari kechki ovqatda spirtli ichimlik iste’mol qilmagan, faqat sharbat ichishgan.

Lukashenko bu haqda “O‘zbekiston Prezidenti ichmaydi”, deya hazillashgan. Tashrif yakunlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari ishdan olindi

Bu hafta hukumat tizimida muhim kadrlar o‘zgarishi kuzatildi. Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova lavozimidan ozod etildi.

Shundan so‘ng Prezident farmoni bilan Dilnozaxon Sobir qizi Kattaxonova O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangan va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.

Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Zulayho Mahkamova 2022 yildan buyon Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan edi. Ungacha u Namangan viloyatida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan, 2020 yilda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlangan.

Dilnoza Kattaxonova esa 1991 yilda tug‘ilgan. U Yoshlar ishlari agentligida 2020 yildan buyon ishlab kelmoqda, 2023 yildan agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Sardor Umurzoqov yangi lavozimga tayinlandi

Tugayyotgan hafta davlat boshqaruvida navbatdagi kadrlar o‘zgarishi bilan yodda qoldi. Sardor Umurzoqov O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori etib tayinlandi.

10-iyul kuni qabul qilingan farmonga ko‘ra, Umurzoqov ushbu lavozimga o‘tkazildi va shu munosabat bilan Prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, mazkur maslahatchi lavozimi tugatildi.

Sardor Umurzoqov davlat boshqaruvida katta tajribaga ega rahbarlardan biri hisoblanadi. U avval Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, Prezident Administratsiyasi rahbari, shuningdek Prezident maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

Endi u Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi faoliyatiga rahbarlik qiladi.

Foizsiz avtomobil sotib olish mumkin bo‘ladi

O‘tayotgan hafta eski avtomobillar atrofidagi bahslardan so‘ng, hukumat fuqarolarni yangi mashina xarid qilishga rag‘batlantirishning yangi usulini taklif qildi.

Loyihaga ko‘ra, fuqarolar yangi avtomobillarni 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Bu taklif avval muhokama qilingan va 30 yildan oshgan avtomobillar uchun ekologik kompensatsiya to‘lovini joriy etish tashabbusi o‘rniga ishlab chiqilgan.

O‘sha loyiha jamoatchilik e’tirozlaridan so‘ng bekor qilingan edi.

Yangi taklifga muvofiq, eski avtomobilni utilizatsiyaga topshirgan fuqaroga uning bozor qiymati asosida baho beriladi. So‘ngra shu qiymatda naqd pul yoki vaucher taqdim etiladi. Vaucherdan rasmiy diler orqali yangi avtomobil sotib olishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Qolgan mablag‘ni esa 2 yildan 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash taklif qilinmoqda. Masalan, eski avtomobil 5 million so‘mga baholansa, ushbu summa yangi avtomobil uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida hisobga olinadi.

Agar vaucherdan foydalanish istalmasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul ko‘rinishida olish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Ayni paytda mazkur tashabbus hali muhokama bosqichida bo‘lib, amaliyotga joriy etilgani yo‘q.

Erdo‘g‘anning rafiqasi Makronga qarshilik ko‘rsatdi

Tugayyotgan hafta Anqarada o‘tkazilgan NATO sammiti nafaqat muhim siyosiy uchrashuvlar, balki bir kutilmagan holat bilan ham e’tibor markaziga chiqdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emine Erdo‘g‘an o‘rtasidagi salomlashish jarayoni ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

7-iyul kuni rasmiy kutib olish marosimida Makron Emine Erdo‘g‘an bilan salomlashish uchun oldiga borgan. Uning qo‘lini o‘pib ko‘rishishga uringan, ammo Emine Erdo‘g‘an bu harakatga javoban qo‘lini tortib olgan. Shundan keyin ikkisi oddiy qo‘l berib salomlashgan.

Bu voqea turli fikrlarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar buni madaniy farqlar bilan bog‘lasa, boshqalar vaziyatni diplomatik odob nuqtai nazaridan muhokama qildi. Ma’lumki, Turkiya an’analarida katta yoshli yoki hurmatli insonning qo‘lini o‘pish - ehtirom belgisi hisoblanadi.

Biroq Fransiya tomoni Makronning bu harakati bo‘yicha rasmiy izoh bermagan. Hodisa esa Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammiti doirasida sodir bo‘ldi. Sammitda asosiy e’tibor mudofaa xarajatlari, Ukraina va Yevropa xavfsizligi masalalariga qaratildi.

Ronalduning afsonaviy davri nihoyasiga yetdi

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu jahon chempionatlaridagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi. Futbol olamining eng yorqin yulduzlaridan biri bo‘lgan 41 yoshli hujumchi mundial bilan xayrlashar ekan, “vijdonim pok holda ketyapman”, deya ta’kidladi.

Portugaliyaning Ispaniyaga qarshi nimchorak final bahsidagi mag‘lubiyati Ronaldu uchun jahon chempionatidagi so‘nggi uchrashuv bo‘ldi. U shu tariqa ketma-ket oltita mundialda ishtirok etgan futbolchi sifatida tarixda qoldi.

Ronaldu musobaqa davomida ham bir qator rekordlarni yangiladi. Xususan, Portugaliyaning O‘zbekistonga qarshi o‘yinida ikkita gol urgan hujumchi oltita turli jahon chempionatida to‘p kiritgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylandi.

U jahon chempionatlarida jami 27 ta uchrashuv o‘tkazib, 11 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, 41 yoshida pley-off bosqichida gol urgan eng yoshi katta futbolchilardan biri bo‘ldi.

Uchrashuvdan keyin Ronaldu mundial bilan xayrlashayotganini tasdiqladi, ammo terma jamoadagi faoliyati bo‘yicha yakuniy qarorga shoshilmasligini aytdi. U hozircha klubi - Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” jamoasida o‘ynashda davom etadi.

Toshkentda kanalizatsiya suvi kanalga oqizildi

Yodingizda bo‘lsa o‘tgan hafta Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yirik avariya holati yuz berib, poytaxtning 3 ta tumanidan oqib o‘tuvchi markaziy kanalizatsiya quvuri yorilib ketgan edi. Aniqlanishicha, quvurdan chiqqan oqova suvlar Salar kanaliga oqizilgan. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Akmal Rasulov boshchiligida tezkor ishchi guruh tuzilib, voqea joyida o‘rganish ishlari olib borildi.

Tekshiruv davomida oqova suvlar Salar kanaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqizilgani aniqlangan. O‘rganishlarga boshqarmaning Atrof-muhit monitoringi, iqlim o‘zgarishiga moslashish va gidrometeorologiya yo‘nalishidagi tahliliy laboratoriyasi mutaxassislari hamda Yakkasaroy tumani ekologiya nazorati inspeksiyasi davlat inspektorlari jalb etilgan.

Shuningdek, kanal suvidan namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborilgan. Tahlil natijalari hamda o‘rganish yakunlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish talablari buzilgani tasdiqlansa, aybdorlarga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.

Ekologiya boshqarmasi qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganish ishlari yakunlangach e’lon qilinishini bildirdi.

Yillik inflatsiya 6,4 foizga yetdi

Bu hafta aholi xarajatlariga ta’sir qiladigan muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlardan biri - inflatsiya darajasi ma’lum qilindi. O‘zbekistonda yillik inflatsiya 6,4 foizga yetdi. Asosiy qimmatlashgan mahsulot va xizmatlar orasida yoqilg‘i, kommunal to‘lovlar va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qayd etildi.

Iyun oyida elektr energiyasi tariflari o‘rtacha 9,6 foizga, tabiiy gaz narxi esa 10,7 foizga oshdi. Bundan tashqari, benzin narxi bir oyda 3,9 foizga ko‘tarildi, propan esa 11,3 foizga qimmatlashdi. Eng sezilarli o‘zgarishlardan biri ko‘mir narxida kuzatilib, u ikki barobardan ziyod oshgan.

Oziq-ovqat mahsulotlarida esa ayrim mahsulotlar arzonlagan. Xususan, mavsumiy hosil hisobiga baqlajon, pomidor, bulg‘or qalampiri va bodring narxi pasaygan.

Shu bilan birga, go‘sht, guruch, sut mahsulotlari kabi ayrim asosiy mahsulotlarda narx o‘sishi davom etgan. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, kommunal xizmatlar va yoqilg‘i narxlarining oshishi iyun oyidagi inflatsiyaning asosiy omillaridan biri bo‘lgan.

Теглар

Мавзуга оид

Bosh vazir o‘rinbosari ishdan olindi, Umurzoqov yangi lavozimga tayinlandi, Mirziyoyev Lukashenko bilan ko‘rishdi, yillik inflatsiya 6,4 foizga yetdi — hafta dayjesti | Vaqt.uz