Britaniya qirolining ukasi ozodlikka chiqarildi

20.02.2026 | 10:352 дақиқа

Epshteyn bilan yaqin aloqalari ma’lum bo‘lganidan so‘ng shahzoda unvonidan mahrum etilgan Endryu Mauntbetten-Vindzor rasmiy lavozimlarda ishlagan davrida xizmat mavqeini suiiste’mol qilganlikda gumon qilinmoqda.

Britaniya qirolining ukasi ozodlikka chiqarildi

Buyuk Britaniya qiroli Charlz IIIning ukasi Endryu Mauntbetten-Vindzor kecha, 19-fevral kuni amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn bilan aloqalari yuzasidan olib borilayotgan tergov fonida hibsga olinganidan so‘ng, o‘sha kuni kechqurun qariyb 12 soatlik so‘roqdan keyin politsiya bo‘limidan ozod qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tasdiq sifatida 66 yoshli Mauntbetten-Vindzor qorong‘u tushganidan keyin Angliyaning Norfolk grafligidagi Eylshem politsiya bo‘limi hududidan chiqib ketayotgan avtomobilning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgani aks etgan surat e’lon qilindi.

Politsiya tarqatgan bayonotda sobiq shahzoda davlat xizmatida noqonuniy xatti-harakat sodir etganlik gumoni bilan hibsga olinganidan so‘ng «tergov ostida» ozod qilingani aytilgan. Bu tergov davom etayotganini, ammo hozircha Mauntbetten-Vindzorga rasmiy ayblov e’lon qilinmaganini anglatadi.

Endryu Mauntbetten-Vindzorning qo‘lga olingani haqidagi ertalabki politsiya xabarida uning nomi to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan. Aynan u hibsga olinganmi, degan savolga politsiya «60 yoshdan oshgan bir erkak hibsga olindi», deb javob bergan. Shuningdek, ish doirasida ikki manzilda tintuv o‘tkazilgani ma’lum qilingan.

«Associated Press» agentligining xabar berishicha, politsiya sobiq shahzoda Endryu 2010 yilda jinsiy jinoyatlar uchun hukm qilingan Jeffri Epshteynga savdo hisobotlarini yuborgani haqidagi ma’lumotlarni o‘rganmoqda. Nashrda aniqlashtirilishicha, politsiya bu ish bilan AQSHda Epshteyn ishi bo‘yicha o‘tkazilgan tergov doirasida to‘plangan millionlab sahifalik hujjatlar e’lon qilinganidan so‘ng shug‘ullana boshlagan.

Sobiq shahzoda Endryu nimada gumon qilinmoqda?

Politsiya bayonotiga ko‘ra, qirollik oilasi a’zosi rasmiy lavozimlarda ishlagan davrida o‘z mavqeini suiiste’mol qilganlikda gumon qilinmoqda. Avvalroq Endryu Epshteyn bilan yaqin aloqalari ma’lum bo‘lganidan so‘ng shahzoda unvonidan mahrum etilgan edi. Epshteyn voyaga yetmagan qizlarni jinsiy savdoga jalb qilishda ayblangan va 2019 yilda qamoqxona kamerasida osilgan holda topilgan.

Mauntbetten-Vindzor Epshteyn ishi bilan bog‘liq har qanday qonunbuzarlikni doim rad etib kelgan va u bilan do‘st bo‘lganidan afsusda ekanini bildirgan.

Charlz III tergovga har tomonlama ko‘mak va’da qildi

Charlz III ukasining hibsga olingani haqidagi xabardan «chuqur tashvishda» ekanini bildirdi, biroq qirollik oilasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga «to‘liq va adolatli tergov» o‘tkazishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ko‘mak ko‘rsatishini va’da qildi.

«Men aniq qilib aytmoqchiman: qonun ustuvor bo‘lishi kerak. Jarayon davom etayotgan ekan, bu masala yuzasidan qo‘shimcha izoh berishim o‘rinsiz bo‘lar edi. Shu bilan birga, mening oilam va men barchangizga xizmat qilish va o‘z burchimizga sodiq qolishda davom etamiz», – deyiladi Buyuk Britaniya qiroli bayonotida.

Теглар

Мавзуга оид