Britaniyadan Singapurgacha: OKMKda 200 mln dollarlik tenderdagi firmalar shubhalimi?
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tenderlarida Buyuk Britaniya, Gurjiston va Singapurdagi «arvoh» kompaniyalar 200 mln dollardan ortiq shartnomalarni olgani haqidagi surishtiruv davlat xaridlari shaffofligiga jiddiy savollar tug‘dirdi.

OCCRP (Organized Crime and Corruption Reporting Project) hamda Finance Uncovered e’lon qilgan surishtiruvga ko‘ra, 2022 yildan buyon Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) tenderlarida o‘nta xorijiy kompaniya 200 mln dollardan ortiq shartnomalarni yutib olgan.
Qayd etilishicha, ayrim kompaniyalar rasmiy hujjatlarda «faol emas» deb ko‘rsatilgan. Ba’zilarida esa tog‘-kon sohasida tajriba bo‘lmagan yoki OAV so‘rovlaridan keyin nazorat qiluvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlar o‘zgartirilgan.
Britaniyadagi «qog‘ozdagi» kompaniyalar

So‘nggi uch yil ichida Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Lemixton Solutions Ltd va Golders Business Ltd kompaniyalari OKMK tenderlarida kamida 35 million dollarga yaqin shartnomalarni qo‘lga kiritgan.
Lemixton Solutions 22,5 million dollar, Golders Business esa 13 million dollarlik tenderlarni yutib olgan. Shu bilan birga, bu firmalar O‘zbekistonga yuzlab yuk jo‘natmalarini amalga oshirgani qayd etilgan.
Biroq har ikki kompaniya 2021 yildan beri hisobotlarda o‘zini «faol emas» deb ko‘rsatib kelgan. Britaniya qonunchiligiga ko‘ra, hisobot yilida tijorat faoliyati yuritgan kompaniya nofaol hisoblanmaydi.
2025 yilda jurnalistlar so‘rovlaridan so‘ng Britaniya reyestrida nazorat qiluvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlar orqaga sana qo‘yilgan holda o‘zgartirilgan.
Dastlab, muhim nazoratga ega shaxs sifatida O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan Grigoriy Xvan ko‘rsatilgan, keyinchalik uning o‘rniga Kolumbiya fuqarosi Felipe Gerrero kiritilgan.
7 mln dollardan ortiq shartnomalarda imzosi bor ayrim shaxslar hujjatlarni o‘zlari imzolamaganini bildirgan. Ulardan biri bu haqda Britaniya rasmiylariga ham murojaat qilgan.
Gurjiston kompaniyalari: 350 dollarlik kompaniyalar — 68 mln dollarlik tenderlarda

Gruziyada konchilik sohasida hech qanday tajribasi bo‘lmagan tibbiy turizm koordinatori har biri atigi 350 dollardan bir nechta kompaniyani sotib olgan.
Bu kompaniyalardan ikkitasi — LOSBP va Prof Engineering — 2022 yildan buyon OKMK tenderlarida jami 68,45 million dollarlik shartnomalarni yutib olgan. Ularning 65,9 million dollarlik qismi kompaniyalar sotib olingan paytga qadar berilgan.
Hujjatlarga ko‘ra, ayrim holatlarda bu kompaniyalar bir tenderda o‘zaro raqobatlashgan bo‘lsa-da, ba’zi vaziyatlarda ular bir xil mulkdorga tegishli yoki bir xil nazorat ostida bo‘lgan. Kompaniyalarning aksariyatining veb-sayti yo‘q. Jurnalistlar Gerrero hamda Xvanga yaqin shaxslar bilan uning onlayn aloqalarini ham qayd etgan.
Singapur izi: 100 mln dollarlik zanjir

Polisteel Solutions, Ventopro va Mek Industrial Technology nomli uchta Singapur kompaniyasi 2022 yildan buyon OKMKdan 102,9 mln dollarlik tenderlarni yutib olgan. Ularning rasmiy egasi sifatida Janubiy Koreya fuqarosi Sedong Choy ko‘rsatilgan.
Xitoyning Denair kompaniyasi 2025 yilgi moliyaviy hisobotida Mek Industrial Technology nazorat qiluvchi shaxsi Bagamadagi Colcot Company bilan bog‘liqligini qayd etgan. Ushbu kompaniyada direktor sifatida Grigoriy Xvan tilga olingan. Keyinchalik Denair yakuniy benefitsiarlar haqida aniq ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
OCCRP ma’lumotiga ko‘ra, Colcot 2024 yil mart oyida Manxettenda 4,4 mln dollarlik kvartira sotib olgan, bitimni esa Xvanning o‘g‘li Aleksey Xvan imzolagan.
Singapur kompaniyalari vakili esa Xvan ushbu tuzilmalarni nazorat qilmasligini ma’lum qilgan.
Yirik soliq to‘lovchi atrofidagi bahslar
Surishtiruvda ayrim kompaniyalar bir-biri bilan ehtimoliy aloqalarga ega bo‘lishiga qaramay, OKMKning bir xil tenderlarida raqobatchi sifatida qatnashgani qayd etilgan.
OKMK O‘zbekistondagi soliq tushumlarining qariyb 9 foizini ta’minlaydi. Tahlil qilingan tenderlar esa 2022 yildan beri korxona xarajatlarining taxminan 7 foizini tashkil etadi.
«Transparency International» tashkiloti vakili Ben Kaudokning ta’kidlashicha, tegishli tajribaga ega bo‘lmagan kompaniyalarga yirik davlat kontraktlarini berish xavf tug‘diradi va ayniqsa OKMKning ehtimoliy IPOsi oldidan shaffoflik muhim ahamiyat kasb etadi.
OKMK rasmiylari nima deydi?
E’lon qilingan surishtiruvdan keyin Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rasmiy bayonot berdi.
Kombinat ma’lum qilishicha, 2021 yildan buyon barcha davlat xaridlari belgilangan tartibda maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi va elektron savdolar inson omilisiz o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, maqolada tilga olingan import kontraktlar tender va tanlov usullarida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining «etender.uzex.uz» elektron portali orqali ochiq raqobat asosida amalga oshirilgan.
To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilmagan. Har bir lot bo‘yicha eng arzon narx taklifi avtomatik ravishda g‘olib deb topilgan.
Kombinatga ko‘ra, ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari elektron tizim orqali avtomatik tekshirilgan va qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan.
Shuningdek, g‘olib kompaniyalar tovarlarni shartnoma shartlariga muvofiq, belgilangan sifat va muddatlarda yetkazib bergani, barcha mahsulotlar maxsus komissiya ishtirokida qabul qilingani ta’kidlangan.
Kombinat bayonotida ushbu shartnomalar korxona manfaatlariga zarar yetkazmagani va davlat xaridlari jarayonida qonun buzilish holatlari sodir etilmagani qayd etilgan.
Теглар






