«Centrum Air» Raqobat qo‘mitasining so‘roviga munosabat bildirdi

Бугун 12:002 дақиқа

«Centrum Air» Toshkent–Urganch reysidagi holat ortiqcha chipta sotish emas, chaqmoq urgan samolyotni almashtirish bilan bog‘liq vaziyat ekanini ma’lum qildi.

«Centrum Air» Raqobat qo‘mitasining so‘roviga munosabat bildirdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

«Centrum Air» aviakompaniyasi Toshkent–Urganch reysida yuzaga kelgan mojaro overbuking emas, balki chaqmoq urgan samolyotning favqulodda almashtirilishi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Kompaniya 42 nafar yo‘lovchi reysdan qolib ketganini tasdiqlab, ularga kompensatsiya va muqobil parvozlar taklif qilinganini bildirdi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xususiy aviakompaniyalar — «Centrum Air» va «Qanot Sharq» faoliyatida ortiqcha chipta sotilishi hamda yo‘lovchilar huquqlariga rioya etilishi yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga rasmiy so‘rov yuborgan edi. Mazkur holat yuzasidan «Centrum Air» rasmiy bayonot berdi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, 2026 yil 19-may kuni Toshkent–Urganch yo‘nalishidagi C6089 reysi uchun mo‘ljallangan «Airbus A330» samolyotini chaqmoq urgan. Shu sabab havo kemasi xavfsizlik nuqtai nazaridan texnik ko‘rikka olingan va reys uchun boshqa samolyot ajratishga to‘g‘ri kelgan.

Aviakompaniya parvozlarni kechiktirmaslik maqsadida kichikroq sig‘imga ega «Airbus A320» samolyotidan foydalanganini bildirdi. Biroq o‘rinlar soni kamaygani sababli 42 nafar yo‘lovchi ushbu reys bilan ucha olmagan.

«Centrum Air» reysdan qolib ketgan yo‘lovchilarga chipta mablag‘ini to‘liq qaytarish yoki eng yaqin reyslarga, jumladan boshqa aviakompaniyalar orqali bepul qayta bron qilish imkoniyatini taklif qilgan. Kutish vaqti uzaygan yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgani ham aytildi.

Shuningdek, kompaniya har bir yo‘lovchiga keyingi ichki reys uchun 50 foizlik chegirma promokodi, bitta bepul bagaj joyi va samolyotda qulayroq o‘rin tanlash imkoniyatini berganini ma’lum qildi.

Aviakompaniya Raqobat qo‘mitasi tomonidan bildirilgan asosiy e’tiroz — «overbuking» amaliyotini qat’iy rad etdi. Kompaniya bayonotida «Centrum Air» samolyotdagi o‘rinlardan ortiqcha chipta sotish amaliyotidan foydalanmasligi, yuzaga kelgan holat esa fors-major vaziyat ekani ta’kidlangan.

Kompaniya parvoz kechikkan holatlarda yo‘lovchilarga oldindan xabar berilishi, kutish vaqtida bepul oziq-ovqat va ichimliklar taqdim etilishi, zarur hollarda mehmonxona bilan ta’minlanishini ham qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Centrum Air tekshiruv uchun so‘ralgan barcha hujjat va statistik ma’lumotlarni vakolatli organlarga taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Теглар

Мавзуга оид