«Chegarasiz» vakolatli hokimlar: Karmanadagi voqea nimani ko‘rsatdi?
Karmanada hokim o‘qituvchilarni soatlab tik oyoqda ushlab turgani va maktab ko‘rsatkichlari haqida yolg‘on ma’lumot bergani ortidan hokimlar vakolati chegarasi yana muhokamalar markaziga chiqdi.

Karmana tumani hokimi maktab o‘qituvchilarini hokimlikka yig‘ib, qariyb 1 soat turg‘izib qo‘ygani ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik faollari, blogerlar va ekspertlar vaziyatga turli nuqtai nazardan fikrlarini bildirishdi.
Nima bo‘lgan edi?
«Kun.uz»ning ma’lum qilishiча, 12-mart kuni Karmana tumani hokimi Shohruh Boltayev Hazora qishlog‘idagi 9-umumta’lim maktabida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv vaqtida Shohruh Boltayev o‘quvchi va o‘qituvchilarga turli savollar bergan, she’r aytib berishni so‘ragan. Biroq o‘quvchilar hokimning ketma-ket savollaridan hayajonlanib, she’r aytib berolmagan.

Manba: Kun.uz
Uchrashuvdan so‘ng hokim maktabning barcha o‘qituvchilarini soat 17:00 da hokimlik binosiga olib borishni buyurgan. Asosiy qismi xotin-qizlardan iborat bo‘lgan 46 nafar o‘qituvchi avtobusda 30 km yo‘l bosib, aytilgan vaqtda hokimlik binosiga borgan.

Manba: Kun.uz
«Soat 17:00 da yetib bordik. Kutib o‘tirdik. Yarim soatlardan so‘ng hokim keldi. Barcha o‘qituvchini tik oyoqda turg‘izib qo‘yib, majlis o‘tkazdi. Qattiq gapirdi, «RayONO» vakillariga maktabimizda tekshirish o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi, direktor o‘rinbosarlarining arizasini olasan, dedi. Ko‘pimiz ro‘zador edik», – deydi o‘qituvchilardan biri.
Hokim shu zaylda bir soatga yaqin o‘qituvchilarni turg‘izib qo‘yib majlis qilgan.
«Qaytishda yo‘ldan suv sotib olib og‘zimizni ochdik. Hokimning bu harakati barcha o‘qituvchilarni xafa qildi, chunki maktabimiz tumanning oldi maktablaridan biri. Ha, endi bola hokim oldida hayajonlanib, bilganini ham ayta olmagan bo‘lishi mumkin», – degan yana bir o‘qituvchi.
Suvdan quruq chiqish uchun yolg‘on axborot bergan hokim
Karmana tumani hokimi bilan bog‘lanilganda, u o‘qituvchilar va o‘quvchilar uning savollariga javob berisholmaganini iddao qilgan.
«She’r so‘rasam javob berisholmadi, birortasi javob berolmadi. Aytib bo‘lmaydigan har xil holatlar bor», – deydi tuman hokimi.
Yetmaganiga maktabda bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichi 3 yildirki 50 foizdan oshmasligini aytib, yolg‘on ma’lumot bergan. Boshqacha qilib aytganda, shu yo‘l bilan «suvdan quruq chiqmoqchi» bo‘lgan. Ammo yolg‘onning umri uzoq emas.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, 2025-yilda Karmana tumani 9-maktabning bitiruvchilarining 61 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Tuman miqyosida 6-o‘rinda turibdi. O‘rtacha ball ko‘rsatkichi 98,7 ballni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8 ballga oshgan. Ayni vaqtda 39 nafar maktab bitiruvchilarining 38 nafari turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega.
Shuningdek, Kun.uz taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichi 3 yildan buyon 65–70 foiz atrofida bo‘lgan.
«Maktabimizda jinoyatchilik yo‘q, ta’lim sifatimiz yaxshi, hatto tumanda vazirlik ustamasiga loyiq ko‘rilgan ikki maktabning birimiz. Tuman reytingida yuqori o‘rinlarda turamiz. Albatta, bu natijalar zamirida o‘qituvchilarning mehnati yotibdi. Shuncha mehnatimiz bo‘lgan holda hokimning bizga nisbatan bunday munosabati barchamizni xafa qildi», — deydi o‘qituvchilardan biri.
Ma’lumot uchun hokimning topshirig‘idan keyin maktab direktorining 2 o‘rinbosaridan ariza yozdirib olingan.
Jamoatchilik nima deydi?
Fikr yetakchilari, mutaxassislar va izohlarda bildirilgan munosabatlar turlicha bo‘lsa-da, umumiy xulosa bitta — bu holat keskin tanqid qilinmoqda.
Ayrimlar hokimlarni maktablarga aralashmasligi kerakligini aytmoqda, boshqalar rahbarlar shaxsiy namuna ko‘rsatishi lozimligini ta’kidlaydi. Yana bir qism foydalanuvchilar esa bunday harakat uchun amaldorni ishdan olish kerakligini ilgari surmoqda.
«Joylardagi ijro hokimiyati — tizimdagi muammolarning kichik aksi» — ta’lim eksperti Komil Jalilov
Fikr yetakchisi Komil Jalilov bu holatni tizimli muammo sifatida baholab, joylardagi ijro hokimiyati davlat darajasidagi boshqaruv modelining aksini ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, vakolat va vazifalar aniq chegaralanmagani sababli rahbarlar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan sohalarga ham aralashmoqda.
«Biror normal davlatda ko‘rganmisiz, ijro hokimiyati rahbariyati kunda-kun ora majlis o‘tkazib, pedagoglarga qaysi darslikdan dars o‘tishni, o‘quvchilar bilimni qanday baholashni yoki ichki organlarga tergovni qanday olib borishni aytganini? Men, masalan, ko‘rmagan», – yozmoqda Jalilov.
Unga ko‘ra, muammo faqat bitta holat emas, balki tizimning o‘zida. Rahbarlar strategik qarorlar bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan bir paytda, ular texnik va tor sohalarga ham aralashmoqda. Rahbarlarning vazifasi — to‘g‘ri mutaxassislarni tanlash va ularni o‘z o‘rniga qo‘yishdan iborat.
Ammo amalda bu tamoyillar ishlamayapti: turli sohalarni bir-biriga aloqasi bo‘lmagan mutaxassislar boshqarayotgani, natijada har bir qarorni qo‘lda nazorat qilishga urinish kuchaygani tizimni izdan chiqarmoqda. Shu sababli muammolar ko‘pincha faqat ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketganda yoki yuqori darajadagi e’tibor qaratilgandagina hal bo‘layotgani kuzatilmoqda.
Uning fikricha, Karmana tumanidagi holat ham aynan shu tizimli kamchiliklarning mahalliy ko‘rinishi. Joylardagi ijro hokimiyatiga haddan tashqari keng vakolatlar yuklangan: ular bir vaqtning o‘zida ta’lim sifati, investitsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, ishlab chiqarish, turizm va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarga javob berishi kerak.
Buning ustiga, sayyor qabullar o‘tkazish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va turli tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish ham ularning zimmasida. Jalilov bu sharoitda bitta rahbarning barcha sohani chuqur tushunishi va samarali boshqarishi deyarli imkonsiz ekanini ta’kidlaydi.
«Shuning uchun Karmana hokimi o‘zicha ta’lim sifatini o‘rgangan va o‘zicha, aqli yetgancha “ta’lim sifatini oshirish” choralarini ko‘rgan. Ta’lim sifati bilan shug‘ullanishni bu sohani tushunadigan mutaxassislarga topshirish kerakligini o‘ylamagan — chunki tizim tepadan shunday bo‘lib kelyapti», — deydi u.
«O‘qituvchiga bosim qilish sharmandalikka yetaklashini tushunsin» — fikr yetakchisi Shokir Tursun
Shokir Tursun esa vaziyatga keskinroq yondashdi. Unga ko‘ra, bunday holatlarda faqat tanqid bilan cheklanib qolish yetarli emas. U mas’ullar tomonidan qat’iy choralar ko‘rilishi, jumladan, amaldor jazolanib, bu ochiq ko‘rsatilishi kerakligini ta’kidlaydi. Bu boshqa rahbarlar uchun ham ogohlantiruvchi signal bo‘lishi lozim.
«Mana shunday payt vazir bosh vazirga chiqishi, hokimga joyini ko‘rsatib qo‘yishi, buni qattiq PR qilishi kerak. Toki boshqalar qadamni o‘ylab boscin, o‘qituvchiga bosim qilish sharmandalikka yetaklashini tushunsin», – deb yozmoqda.
Shuningdek, u Karmana tumani hokimini lavozimidan ozod etish tarafdori ekanini ham ochiq bildirgan.
«Vazirning maoshi shart emas — lekin o‘qituvchiga daxlsizlik bera olaylik» — jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev
Muhrim A’zamxo‘jayev bu masalaga kinoya bilan munosabat bildirgan. U o‘qituvchilarning jamiyatdagi o‘rni va ularga bo‘lgan munosabat keskin nomutanosib ekanini ta’kidlaydi.
«Bir paytlar Yaponiyada o‘qituvchiga vazirning maoshi, imperatorning obro‘si va deputatning daxlsizligi berilgani bois, Yaponiya shunday gurkirab rivojlanib ketgan ekan, deyishardi… bizda ham shunday qilaylik deganlarga “bizda ham shunday bo‘ladi”, deb javob berishardi qaysidir mas’ullar», — deb yozmoqda.
Uning fikricha, amalda esa bu va’dalar o‘zini oqlamagan. Hatto o‘qituvchilarning eng oddiy himoyasi ham ta’minlanmagan.
«Mayli, vazirning maoshi shart emas — berolmaymiz baribir… lekin deputatlarda yo‘q daxlsizlikni shu o‘qituvchilarga berolsak, ularning obro‘si juda Yaponiya imperatorinikidek bo‘lmasa ham, mana bu she’rxo‘r raykomnikidan balandroq bo‘lsa, O‘zbekiston o‘qituvchilari ham sal erkinroq, sal odamdek nafas olarmidi, kim bilsin», – deydi A’zamxo‘jayev.
«Hokim shu mantiq bilan o‘zi ham jamoatchilik oldida javob berishi kerak» — fikr yetakchisi Laziz Hamidov
Laziz Hamidov masalaga ikki tomonlama mezon bilan qaraladi. Uning fikricha, agar hokimlar boshqa sohalarga aralashib, javobgarlik talab qilayotgan bo‘lsa, o‘z faoliyati uchun ham xuddi shunday ochiq javob berishi kerak.
«Hokimning mantig‘idan kelib chiqilsa, u holda tumanda yuzaga keladigan har qanday muammo — asfaltning yetarlicha yotqizilmasligi, loy ko‘chalar, daraxtlarning kesilishi, noqonuniy yoki sifatsiz qurilishlar uchun ham aynan hokim javobgar bo‘lishi kerak», — deb yozmoqda shaxsiy kanalida.
Unga ko‘ra, shu mantiq davom ettirilsa, javobgarlik ham bir tomonlama bo‘lmasligi lozim.
«Shunday ekan, agar yuqorida sanab o‘tilgan holatlardan biri yuzaga kelsa, shu mantiqqa ko‘ra hokim ham jamoatchilik oldida javob berishi, tuman bo‘ylab sazoyi qilinishi kerak-da, to‘g‘rimi? Shunda adolat bo‘ladi, nazarimda», – deydi u.
«Pedagogning huquqlari, sha’ni va obro‘si davlat himoyasida bo‘ladi» — qonunchilik
Shahar bedarvoza emas — pedagoglarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aniq qonunchilik asoslari mavjud. Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 1-fevral kuni «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonun imzolangan.
Mazkur qonunning 3-moddasida ochiq belgilanganidek, pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi. Bu esa o‘qituvchiga nisbatan har qanday noqonuniy bosim yoki aralashuv qonunga zid ekanini anglatadi.
Shuningdek, 6-modda pedagoglarga o‘z huquqlarini himoya qilishda muhim yengilliklar beradi.
«Pedagog o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish uchun sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan, shuningdek o‘z huquqlarini buzayotgan davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilgan taqdirda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi».
Bundan tashqari, qonun pedagogga bevosita sudga murojaat qilish huquqini ham beradi.
Umuman olganda, Karmana tumanida yuz bergan holat tasodif emas — bu tizimdagi muammolar, boshqaruvdagi chegaralarning noaniqligi va pedagoglarga bo‘lgan munosabatni yana bir bor ochiq ko‘rsatdi.
Eng e’tiborlisi, pedagoglarni himoya qiluvchi qonunlar mavjud bo‘lsa-da, amalda ular har doim ham ishlamayotgani ko‘rinmoqda. Natijada o‘qituvchi himoyalangan emas, balki bosim ostida qolayotgan tizim shakllanmoqda.
O‘zining asossiz «she’rxonlik imtihoni»dan o‘ta olmagan o‘quvchilarni bahona qilib, butun boshli pedagogik jamoani 30 km yo‘l bosib kelishga majburlash, ro‘za tutgan ustozlarni soatlab tik oyoqda turg‘izib, majlis qilish — bu nafaqat oddiy insoniy axloq me’yorlariga, balki davlatning ta’lim siyosatiga ham zid.
Boz ustiga, hokim o‘zining nojo‘ya xatti-harakatlarini oqlash uchun maktab ko‘rsatkichlari haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani, raqamlarni kamaytirib talqin qilib «suvdan quruq chiqishga» uringani vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.
Jamoatchilikning keskin reaksiyasi ham bejiz emas: bu nafaqat bitta hokim yoki bitta maktab masalasi, balki butun tizimga berilgan jiddiy signal.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Karmana tumani hokimi mahalladagi 4−5 nafar odam bilan «nomiga» gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yurganini tanqid qilgandi.
Теглар






