Cheklovlarga qaramay «Telegram» Rossiyada eng ommabop messenjerga aylandi

05.03.2026 | 20:552 дақиқа

«Roskomnadzor» tomonidan sekinlashtirilayotganiga qaramay, 2026-yil yanvar oyida «Telegram» Rossiyada foydalanuvchilar soni bo‘yicha ilgariroq bloklangan «WhatsApp»ni ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqdi.

Cheklovlarga qaramay «Telegram» Rossiyada eng ommabop messenjerga aylandi

«Okkam» tahlilchilarining «Mediascope» ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, yanvar oyida «Telegram»ning bir oylik faol foydalanuvchilari soni 95,9 mln nafarga yetdi, deb yozmoqda «Forbes Russia». Shu bilan birga, «WhatsApp» auditoriyasi 89,4 mln kishini tashkil etdi. Fevral oyida «Roskomnadzor» cheklovlarni kuchaytirgani sababli Pavel Durov asos solgan messenjer foydalanuvchilari soni biroz (286 mingga) kamaygan bo‘lsa-da, «WhatsApp»da keskin pasayish kuzatildi — uning auditoriyasi bir oyda 9,1 mln kishiga qisqarib, 80,3 mlnga tushib qoldi.

Davlat tomonidan faol targ‘ib qilinayotgan «VK» korporatsiyasining «Max» messenjeri esa uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Fevral oyida uning foydalanuvchilari soni 73,7 mlndan 77,5 mln nafargacha ko‘paydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, «Telegram»ni sekinlashtirish choralari messenjer qamroviga atigi 2 foiz salbiy ta’sir ko‘rsatgan, xolos.

Reklama bozori

Cheklovlar «Telegram»dagi reklama kampaniyalari samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi. Aksincha, messenjer fevral oyi o‘rtalaridan boshlab reklama ko‘rsatuvlarining minimal narxini (floor price) 30 foizga arzonlashtirdi. «Okkam» ekspertlarining qayd etishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, «Telegram Ads» tizimidagi reklama hajmi qariyb 30 foizga o‘sgan.

«Roskomnadzor» 9–10-fevral kunlari messenjerni sekinlashtirishni kuchaytirgan edi. Natijada foydalanuvchilar mediafayllarni yuklashda muammolarga duch kela boshladilar. Regulyator agar messenjer o‘z serverlarini Rossiya hududiga joylashtirmasa va terrorchilikka qarshi kurash qonunchiligi talablarini bajarmasa, cheklovlar davom etishini bildirgan.

To‘liq blokirovka xavfi

Yaqin istiqbolda «Telegram»ning Rossiyadagi taqdiri noaniqligicha qolmoqda. «RBK» va «The Bell» nashrlarining Kremlga yaqin manbalarga tayanib xabar berishicha, 2026-yil 1-apreldan boshlab messenjer Rossiya hududida to‘liq bloklanishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Ukrainadagi harbiy harakatlar zonasida aloqa va muvofiqlashtirish uchun istisno qilinishi kutilmoqda. Ushbu keskin choralar fonida foydalanuvchilarning mahalliy «Max» messenjeriga o‘tish sur’ati yanada tezlashishi prognoz qilinmoqda.

Теглар

Мавзуга оид