«Chorvoq meniki»: Bo‘stonliqdagi plyajlarni nazorat qilmoqchi bo‘lgan ikkita jinoiy guruh qo‘lga olindi
Chorvoq suv ombori hududidagi plyajlar ustidan noqonuniy nazorat o‘rnatmoqchi bo‘lgan ikki jinoiy guruhning 13 nafar a’zosi ushlandi.
© inbusiness.kz.Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida zo‘ravonlik bilan shug‘ullanib kelgan ikki jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruhlar Chorvoq suv ombori hududidagi plyajlar ustidan noqonuniy nazorat o‘rnatish va ta’sir doirasini kengaytirish masalasida o‘zaro ziddiyatga kirishgan. Mojaro davomida birinchi guruh a’zolari raqib tomon vakillarini do‘pposlab, ularga turli darajada tan jarohati yetkazgan.
Ushbu holat yuzasidan birinchi guruhning to‘rt nafar a’zosi qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 16-iyul kuni ikkinchi jinoiy guruh a’zolari qasos olish maqsadida birinchi guruhning qo‘lga olinmagan vakiliga hujum qilgan.
Ular kastet va beysbol bitasidan foydalanib, jabrlanuvchiga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Tezkor tadbirlar natijasida 19-iyul kuni mazkur guruhning uch nafar faol a’zosi hamda voqeaga aloqador yana olti nafar shaxs ushlandi. Shu tariqa, ikki bosqichda jami 13 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan va ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tergov davom etmoqda
Tergov harakatlari davomida ikkinchi jinoiy guruh vakillaridan birining Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali diniy ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatgani ham aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda alohida huquqiy choralar ko‘rilmoqda. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.





