Chusovitina Jahon kubogi finaliga chiqdi
50 yoshli o‘zbekistonlik gimnastika afsonasi Boku shahrida o‘tayotgan Jahon kubogining dastlabki saralash bahslarida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Ozarboyjonning Boku shahrida o‘tayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Oksana Chusovitina tayanib sakrash dasturida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Saralash bahslarida Chusovitina 13.049 ball jamg‘arib, umumiy hisobda uchinchi o‘rinni egalladi va u musobaqaning hal qiluvchi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Mazkur yo‘nalishdagi final 7-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Oksana Chusovitina sakkiz karra Olimpiada ishtirokchisi sanaladi. U 1992 yil Barselona Olimpiadasida Birlashgan jamoa tarkibida jamoaviy bahslarda oltin medalga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, 2008 yil Pekin Olimpiadasida Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etib, tayanib sakrash dasturida kumush medalni qo‘lga kiritgan.
U o‘tgan yili ham Ozarboyjonda o‘tgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogida ishtirok etib, tayanib sakrash dasturida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.





