Logo

Click bir yilda 376 mlrd so‘m sof foyda oldi

Бугун 11:443 дақиқа

O‘zbekistonning yirik fintex kompaniyalaridan biri bo‘lgan Click 2025 yilni rekord moliyaviy natijalar bilan yakunladi. Kompaniyaning sof foydasi bir yilda 27 foizga o‘sgan.

Click bir yilda 376 mlrd so‘m sof foyda oldi © click

Click fintex kompaniyasi 2025 yil uchun auditdan o‘tgan moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Hujjatlarga ko‘ra, kompaniya yil davomida 702,6 mlrd so‘m daromad olgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 186 mlrd so‘mga yoki 36 foizga ko‘p.

Daromadning o‘sishi kompaniyaning foydalilik ko‘rsatkichlarida ham aks etgan. 2025 yil yakuniga kelib sof foyda 375,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu 2024 yildagi natijadan 80 mlrd so‘mga yoki 27 foizga yuqori hisoblanadi.

Xarajatlar ham oshdi

Kompaniya faoliyati kengayishi bilan birga operatsion xarajatlar ham o‘sgan. Xodimlar uchun qilingan sarf-xarajatlar 88,6 mlrd so‘mdan 134 mlrd so‘mgacha ko‘tarildi. Tranzaksiya xarajatlari esa qariyb ikki barobardan ko‘proqqa oshib, 74 mlrd so‘mga yetgan.

Shu bilan birga, reklama xarajatlari o‘tgan yilga nisbatan 3 foizga qisqarib, 58 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniyaning umumiy aktivlari yil davomida 203 mlrd so‘mga ko‘payib, 637 mlrd so‘mga yetgan. Aktivlar o‘sishining asosiy manbai taqsimlanmagan foydaning oshishi bo‘lgan.

Xususan, taqsimlanmagan foyda bir yilda 265 mlrd so‘mga ko‘payib, 340 mlrd so‘mga yetgan. Shu bilan bir vaqtda majburiyatlar 72 mlrd so‘mga qisqarib, 275,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, kompaniya ustav kapitalini ikki barobarga oshirib, uni Markaziy bank tomonidan to‘lov tashkilotlari uchun belgilangan minimal talab — 20 mlrd so‘m darajasiga yetkazgan.

Click 2025 yilda davlat budjetiga 7 mlrd 354 mln so‘m daromad solig‘i to‘lagan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda mazkur ko‘rsatkich atigi 837 mln so‘m bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 2026 yilning I choragida ham Click'ning moliyaviy natijalari ijobiy bo‘lgan. Uch oy davomida kompaniyaning foydasi 7,4 foizga oshib, 78,6 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Daromadi esa 23,4 foizga ancha ko‘proq o‘sib, 209,4 mlrd so‘m bo‘lgan.

Shuningdek, Click 2026 yil 18-may kuni aksiyadorlari yig‘ilishini o‘tkazgan. Yig‘ilishda kompaniyaning 78,6 mlrd so‘mlik saqlanib qolgan foydasini taqsimlash masalasi ko‘rib chiqilgan va foydaning 52,58 mlrd so‘mi dividend to‘lovlariga yo‘naltirilishi belgilangan.

Bu har bir muomaladagi aksiya uchun 2 629,06 so‘mdan dividend to‘lanishini anglatadi. Foiz hisobida 1 dona aksiya uchun +262,9 foiz dividend to‘lanmoqda. 

Dividendlar 18-maydan boshlab 16-iyulgacha bo‘lgan muddatda Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali naqd pul shaklida to‘lab beriladi. Qolgan 26,04 mlrd so‘m esa hozircha taqsimlanmagan foyda sifatida qoldiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 23-iyul oyida «Halyk Bank» Click'ning 49 foiz aksiyasini 176,4 mln AQSH dollariga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Shu bilan birga, Click aksiyadorlari bankning O‘zbekistondagi shu’ba korxonasi — «Tenge Bank» aksiyalarining 49 foizini 60,76 mln dollarga xarid qilishi kerak edi. Tomonlar o‘z yuridik mustaqilligini saqlab qolgan holda yaqin hamkorlik qilishni rejalashtirgan. Kelishuv haqidagi rasmiy ma’lumot hatto London fond birjasi orqali e’lon qilinib, uning xalqaro ahamiyatini yanada oshirgandi. 

Ushbu kelishuvning amalga oshishi ikki davlat — O‘zbekiston va Qozog‘iston regulyatorlarining ruxsatiga bog‘liq bo‘lgan. 2025 yil 29-sentabrda Qozog‘iston moliya bozorini tartibga solish agentligi «Halyk Bank»ga Click’ning 49 foiz ulushini sotib olishga ruxsat bergani ma’lum qilingan.

Shundan so‘ng Click ham O‘zbekiston Markaziy bankidan ruxsat olish uchun murojaat qilgan. Biroq regulyator tomonidan rozilik berilmagan.

Natijada, «Halyk Bank» ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv muddati 2025 yil 31-dekabrda tugagan. Belgilangan vaqt ichida barcha hujjatlar imzolanmagan va bitim yakunlanmagan.

E’tiborli jihati, bu holat Click uchun birinchi marta emas. Kompaniya 2023 yil o‘rtalarida Uzum bilan birlashish rejasini ham e’lon qilgan, biroq o‘sha kelishuv ham Raqobat qo‘mitasi roziligini ololmagani sabab amalga oshmagan.

Теглар

Мавзуга оид