«Damas» va «Onix» sotuvlari o‘sganiga qaramay ishlab chiqarish kamaygan

2026 yilning uch oyida O‘zbekistonda 110 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqarilgan. Eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil esa an’anaviy tarzda hali ham «Cobalt» bo‘lib qolmoqda.

«Damas» va «Onix» sotuvlari o‘sganiga qaramay ishlab chiqarish kamaygan © uzavto

2026- yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda jami 109 947 dona avtomobil ishlab chiqarildi. Shundan 108 769 donasi yengil avtomobillar, 1 178 tasi esa yuk avtomobillari soniga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarda ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga o‘sgan. 2025 yilning yanvar-mart oylarida 98 189 dona avtomobil ishlab chiqarilgandi.

Alohida modellar kesimida qaralganda, eng katta o‘sish «Cobalt»da kuzatildi. Uning ishlab chiqarish hajmi 32 208 donadan 38 397 donagacha ko‘tarildi.

Shuningdek, «Haval» 1 885 donadan 2 978 donaga, «Tracker» 10 513 donadan 10 746 donaga, «BYD» esa 2 913 donadan 5 111 donagacha ko‘paydi. O‘tgan oylarda pasayish kuzatilgan «KIA» ham 6 150 donadan 7 105 donagacha o‘sdi.

Biroq ayrim modellarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani kuzatildi. Jumladan, «Damas» ishlab chiqarish hajmi 22 409 donadan 21 503 donaga tushdi. «Onix» 11 774 donadan 8 950 donaga, «Chery» esa 1 996 donadan 1 981 donaga kamaydi. Ushbu avtomobil modellarida so‘nggi 3 oydan buyon pasayish kuzatilmoqda.

E’tiborli jihati shunchaki, ishlab chiqarish kamayayotgan «Damas» va «Onix» modellarida savdo mos ravishda 22 va 156 foizga o‘sish ko‘rsatgan.

photo_2026-05-04_12-47-39

Statistika qo‘mitasining ma’lumotlari asosida

Bozordagi holat

2026 yil birinchi choragida O‘zbekistonda jami 91 088 ta avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga ko‘pdir.

Bozor yetakchisi hisoblangan «UzAuto Motors» 45 881 ta avtomobil sotib, 12 foizlik o‘sishni ta’minladi. Biroq kompaniya raqobatchilarga nisbatan sekinroq o‘smoqda. Xususan, «BYD Uzbekistan» sotuvlarni qariyb ikki barobarga oshirib, 7 799 taga yetkazgan. Shuningdek, «ADM Jizzakh» va «Khorezm Auto» ham mos ravishda 26 va 24 foizlik o‘sishni qayd etdi.

Brendlar kesimida «Chevrolet» hali ham bozor yetakchisi bo‘lib qolmoqda, ammo uning ulushi 82,6 foizdan 79,3 foizgacha tushdi. Ya’ni bir yil ichida 3,3 foiz punktga kamayish kuzatildi. Shu bilan birga, «Chevrolet» sotuvlari 16 foizga oshgan bo‘lsa-da, raqobatchilar, ayniqsa «BYD» va «KIA» ancha tezroq o‘sgan.

Теглар

Мавзуга оид