Dollar avvalgidek emas: Rossiya rubli nega shiddat bilan mustahkamlanmoqda?

Бугун 20:005 дақиқа

So‘nggi ikki oy ichida rubl dollarga nisbatan qariyb 20 foizga mustahkamlandi. Rossiya valutasining bunday keskin o‘sishiga qimmatlashayotgan neft va moliyaviy harakatlar turtki bo‘ldi. Xo‘sh, kuchli rubl kimga foyda-yu, kim ziyon?

Dollar avvalgidek emas: Rossiya rubli nega shiddat bilan mustahkamlanmoqda? © Фото Сергея Савостьянова / ТАСС

«Bloomberg» agentligining xabar berishicha, so‘nggi oylarda rubl o‘z mavqeini mustahkamlab, dollarga nisbatan o‘sish dinamikasi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi valutaga aylandi. Xususan, joriy yilning 20-mart kuni bir dollar 86 rubldan qimmatroq turgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich taxminan 71 rublni tashkil etmoqda. Amerika valutasi 2023 yilning bahoridan beri bu qadar qadrsizlanmagan edi.

Rublning kuchayishiga turtki bergan asosiy omillar

Ekspertlarning tushuntirishicha, bunga bir vaqtning o‘zida yuz bergan qator omillar sabab bo‘lgan.

Birinchi navbatda, Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qamal qilinishi jahon bozorida neft narxini ko‘tarib yubordi. Bu holat Rossiyaning «Urals» markali neftiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatib, uning bir barreli fevral oyidagi 44 dollardan aprel oyida 94 dollargacha qimmatlashdi. Natijada eksportchilarning valuta tushumi sezilarli darajada oshdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tushum ichki bozorga taxminan bir yarim oylik kechikish bilan kirib keladi. Boshqacha aytganda, bozor hozirgina mart oyidagi, ya’ni Yaqin Sharqdagi nizo endigina avj olayotgan paytdagi tushumlarni hazm qilmoqda. Shu tariqa, «neft qimmatlashdi — rubl mustahkamlandi» qabilidagi oddiy iqtisodiy qonuniyat ish berdi.

Ikkinchidan, joriy yilning mart oyida Rossiya Moliya vazirligi budjet qoidasi bo‘yicha operatsiyalarni 1-iyulga qadar to‘xtatib qo‘ygan bo‘lsa-da, bozorga kutilganidan ertaroq qaytdi. May oyiga kelibgina idora yana valuta xarid qilishni boshladi. Biroq xarid hajmi kuniga bor-yo‘g‘i 1,2 milliard rublni tashkil etgani va davlat tomonidan valutaga bo‘lgan talabning pastligi rublning mustahkamlanishini jilovlay olmadi.

Aslida, bundan avvalroq Moliya vazirligida budjet qoidasini o‘zgartirish, ya’ni neftning chegaraviy narxini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilingan edi. Qoidaga ko‘ra, agar neft narxi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lsa, Moliya vazirligi valuta sotib oladi va bu mablag‘larni moliyaviy «xavfsizlik yostiqchasi» sanalgan Milliy farovonlik jamg‘armasiga yo‘naltiradi. Bordi-yu, narx past bo‘lsa, jamg‘armadagi mablag‘lar budjet taqchilligini qoplash uchun ishlatiladi. Shu sababli, «Urals» nefti pastroq narxda sotilayotgani inobatga olinib, Moliya vazirligi chegaraviy ko‘rsatkichni amaldagi 59 dollardan pasaytirishni rejalashtirgan edi. Ammo ayni shu paytda AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat boshlanib, «qora oltin» narxi keskin ko‘tarilib ketdi.

Ekspertlarning qayd etishicha, rubl dinamikasi bundan keyin ham Yaqin Sharqdagi voqealar rivojiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Agar vaziyat yanada keskinlashib, neft qimmatlashishda davom etsa, Rossiya valutasi yanada kuchayadi. Bundan tashqari, rubl kursiga tarkibiy omillar ham ta’sir o‘tkazmoqda.

«Yuqori asosiy stavka kreditlashni va importni cheklab turibdi, hisob-kitoblarda rublning ulushi esa deyarli 60 foizga yetdi», - dedi «Amarkets» tahlilchisi Igor Rastorguyev «TRT» nashriga bergan intervyusida.

Iqtisodiy ziddiyat: Kim yutdi, kim yutqazdi?

Biroq tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, dollarga nisbatan dunyodagi eng yaxshi o‘sish dinamikasini qayd etayotgan valuta maqomi ortida o‘ziga xos achchiq haqiqat ham yashiringan.

«Rossiya budjeti oyiga 100–150 milliard rubl yo‘qotmoqda, eksportchilar esa investitsiya dasturlarini qisqartirishga majbur bo‘lmoqda», - dedi tahlilchi.

Ammo bu holatdan foyda ko‘rayotganlar ham yo‘q emas. Xususan, importchilar, xarajatlarini asosan valutada amalga oshiradigan IT-kompaniyalar va chakana savdo sohasi vakillari sezilarli yutuqqa erishdi. Mutaxassislarning fikricha, kuchli rubl — bu, eng avvalo, arzon import degani. Mamlakatda inflatsiya sekinlashmoqda, masalan, aprel oyida bu ko‘rsatkich 5,7 foizni tashkil etdi. Natijada xorijiy tovarlar, maishiy texnika, dori-darmonlar, avtomobil ehtiyot qismlari va chet elga sayohatlar aholi uchun yanada hamyonbop bo‘lib bormoqda.

Turizm sohasi vakillarining qayd etishicha, mustahkam rubl turpaketlar savdosini 30 foizdan 90 foizgacha oshirib yuborgan. Rossiyalik sayyohlar orasida eng ommabop yo‘nalishlar sanalgan Turkiya, Misr, Viyetnam va Xitoyga sayohat qilishga bo‘lgan talab sezilarli darajada o‘smoqda. Bu borada, ayniqsa, Turkiya mutlaq yetakchilik qilmoqda — uning umumiy savdo hajmidagi ulushi 38 foizdan 43 foizgacha oshgan.

Dollarning qadrsizlanishi fonida rossiyaliklar uchun «arzonligida olib qolish kerak» degan eski odat yana ish bera boshladi. Aholining bir qismi qulay fursat va manfaatli kursni qo‘ldan chiqarishdan qo‘rqsa, boshqalar chet elga safar oldidan xorijiy valuta g‘amlab qo‘yishga kirishgan. Biroq, ekspertlar shoshilmaslikni maslahat berishmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, faqat naqd dollarga ishonib qolish xavfli bo‘lib, uning asosiy kamchiligi hech qanday daromad keltirmasligi va inflatsiyadan himoya qilmasligidir. Bundan tashqari, sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi tafovut — spredni ham unutmaslik kerak. Odatda, aynan shu tafovut va turli bank komissiyalari tufayli ehtimoliy foydaning katta qismi yo‘qotilishi keyinroq ma’lum bo‘ladi. Naqdsiz ko‘rinishdagi valuta ham foyda keltirmaydi, qolaversa, u bilan bog‘liq operatsiyalar qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi va mablag‘larning to‘liq saqlanib qolishiga kafolat yo‘q.

Shu bilan birga, iqtisodchilar rublning mustahkamlanishi hali o‘z ta’sirini to‘liq namoyon qilmaganini ta’kidlashmoqda. Buning natijasini rossiyaliklar yana bir necha oy davomida, eng avvalo, o‘z hamyonlarida his qilishadi. Negaki, mustahkam milliy valuta importning arzonlashishi hisobiga inflatsiyani jilovlashga yordam beradi, ichki bozordagi oziq-ovqat bo‘lmagan tovarlarning asosiy qismi esa aynan chetdan keltiriladigan mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rubl kursi o‘zgarishi mumkinmi?

Ammo ekspertlar bu tendensiya uzoq davom etmasligini taxmin qilishmoqda. Rublning me’yoridan ortiq kuchayib ketishi davlat g‘aznasi va eksportchilar uchun manfaatli emas. Shu sababli hukumat yaqin kelajakda milliy valutani sun’iy ravishda zaiflashtirish choralarini ko‘rishi ehtimoldan xoli emas. Masalan, Moliya vazirligi budjet qoidasiga muvofiq valuta xaridlarini oshirishi yoki Markaziy bank ma’muriy valuta cheklovlarini yumshatishi mumkin.

Tahlilchining xulosasiga ko‘ra, hozirda rubl o‘ziga xos nostandart vaziyatga tushib qolgan: importchilar va oddiy iste’molchilar yutuqda, davlat budjeti va eksportchilar esa ziyonda. Biroq yaqin oylar ichida bu iqtisodiy manzara butunlay o‘zgarishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид