Drenajga ajratilgan mablag‘ni hech kim yeb ketmayotganini ko‘rsataman – Toshkent hokimi

Бугун 10:553 дақиқа

Ikki yil oldin poytaxtdagi drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratilgan edi. Joriy yilda esa bu yo‘nalishga Xitoydan 400 mln dollar investitsiya jalb qilishga kelishilgan.

Drenajga ajratilgan mablag‘ni hech kim yeb ketmayotganini ko‘rsataman – Toshkent hokimi © Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning 21-oktabr kuni o‘z raisligida o‘tkazilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishda Toshkent shahridagi drenaj tizimini tanqid qilgandi. Ertasi kuni, ya’ni 2024-yil 22-oktabrda Toshkent shahar hokimining qarori bilan yog‘ingarchilikda suv toshqinlari bilan bog‘liq qurilish-ta’mirlash ishlari uchun «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga 6 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Biroq oradan ikki yil o‘tib, joriy yil 3-may kuni shahardagi Chorsu metro bekati yonida sodir bo‘lgan holat yuqoridagi ishlar bo‘yicha savollarni keltirib chiqargani ham rost. VAQT.UZ jurnalisti ushbu masala bo‘yicha shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning fikri bilan qiziqdi.
 
Chorsudagi holatning sababi

«Chorsuda suv toshganining sababi, u yerda davlatda aybi bor, qaramaganligi. Mana undan keyin yana yomg‘ir yog‘di, nega suv toshmadi? Nima deb o‘ylaysiz? Chunki arig‘ini ochib qo‘ydik. Ariq ochiq edi, undan oldin yomg‘ir yog‘ganda toshmagan. Ariqni yopib qo‘yishdi-da. Ariqni yopib qo‘ygandan keyin suv toshdi. Yana ochib qo‘ydik, yana suv tizimi ishlab ketdi», – dedi shahar hokimi.

Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri suv tizimini boshqaradigan markaz tashkil qilish bo‘yicha prezidentga taklif kiritganini aytdi. Shuningdek, hokim yaqinda shu masalada Xitoyga borib, 400 million dollarga investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishib kelganini qo‘shimcha qildi.

«Tan olishimiz kerak, sizdan hozir so‘rasam yoki kimdandir so‘rasam, bugun yanvar oyida qancha suv tushadi-yu, qayerga boradi-yu yoki fevral oyida qancha-yu va qancha suv sarfi qayerga sarflashimiz kerak deydigan bizda yagona raqamlashgan, balans chiqarilgan tizim mavjud emas. Hozir shuning ustida ishlayapmiz. Buni qilamiz. Mana «Tianjin Urban Construction» kompaniyasi juda katta tajribaga ega. Xitoyning deyarli 50 foizdan oshiq drenaj sistemasini qilgan kompaniyani jalb qilganmiz. Va u suvni qayergadir, daryoga oqizib yuborish emas, aksincha, uni texnik suv qilib, qaytib polivka berish mexanizmini joriy qilyapmiz. Bu Singapur va Dubayning tajribasi. Kimda nima tanqis bo‘lsa, o‘shanda tajriba bor. Shu tajribani olyapmiz», – deydi hokim.

 
Mablag‘ taqsimlanishi
 
VAQT.UZ jurnalisti bundan 2 yil oldin hokim qarori bilan ajratilgan 6 milliard so‘m mablag‘ning taqsimlanish jarayoniga ham qiziqdi va hokimdan ushbu mablag‘ning boshqa cho‘ntaklarga o‘tib ketish holati uchragan yoki yo‘qligini so‘radi. Umurzoqovning javobi esa quyidagicha bo‘ldi:

«Hozir tan olaylik, yomg‘ir yog‘ganda suv ko‘p joyda toshayotgan edi. Hozir keskin qisqargan. Hozir mana bu oxirgi toshganining sababi, men endi yomg‘ir ko‘p yog‘ib ketdi demayman. Men har bitta tanqidni tanqidiy qarab turib, qilgan ishim nima bo‘ldi, bilasizmi? O‘sha yerda mavjud, har doim ishlab turgan, suvni tortib oladigan motorlar bor. Shuning quvvatini ikki barobarga oshirdim hozir. Oldin yetayotgan edi. Sovet, eski, nima deydi, o‘sha motor tizimi edi. Men alishtirmagan edim, chunki kompleks, hozir aytgan 400 million dollar doirasida qilardik bu narsani. Hozir mayli, uni kutmadik-da, chuqurlashgan joylarni aniqladik shahar bo‘yicha. Hammasini ikki barobarga shu suvni tortib olish quvvatini oshirishga mablag‘ ajratib, hozir uni alishtirib tashlaymiz. Xudo xohlasa, mana keyingi tumanga chiqarishimizga men iltimos qilardim, mana hozir mutasaddi, men xodimlarimning hammasini ko‘rsatib, ega kesibi bilan hech kim yeb ketmayotganligini ko‘rsatib beraman».

Теглар

Мавзуга оид