Endi dollarning rasmiy kursi soat 17:30 da e’lon qilinadi
2026 yil 10-avgustdan boshlab valuta birjasidagi savdolar soat 17:00 ga qadar davom etadi. Hozirda savdolar 15:00 ga qadar amalga oshirib kelinmoqda.
© ShutterstockIchki valuta bozorini yanada rivojlantirish va banklar uchun valuta operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish doirasida 2026 yil 10-avgustdan boshlab valuta birjasidagi savdolar soat 17:00 ga qadar davom etadi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, savdo sessiyasining uzaytirilishi banklarga kun davomida valuta likvidligini yanada samarali boshqarish, mijozlarning to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish hamda xorijiy valutadagi to‘lovlarning uzluksizligini ta’minlash imkonini beradi.
Kurs kechroq e’lon qilinadi
Yangi tartibga ko‘ra, valuta birjasidagi savdolar yakunlari asosida 74 ta xorijiy valutaning so‘mga nisbatan rasmiy kurslari har bir bank ish kuni soat 17:30 da Markaziy bankning rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, rasmiy valuta kurslaridan buxgalteriya hisobi, statistik hisobotlar, shuningdek, bojxona to‘lovlari va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashda amaldagi tartibda foydalaniladi.
Shuningdek, rasmiy valuta kurslari Markaziy bank veb-saytining «Valutalar kurslari arxivi» bo‘limida muntazam joylashtirib boriladi.





