Endi pul o‘tkazmalarini telefon raqami orqali ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi

Бугун 16:012 дақиқа

Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini mobil telefon raqami orqali amalga oshirish tartibini ishlab chiqdi.

Endi pul o‘tkazmalarini telefon raqami orqali ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi © vaqt.uz

Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasida Tezkor to‘lovlar tizimi orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tartibini belgilaydigan qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatga muvofiq, fuqarolar mablag‘ jo‘natish va qabul qilish uchun o‘z depozit hisobini mahalliy mobil operatorlardan birining telefon raqamiga bog‘lashi lozim bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, har bir abonent uchun bir mobil raqamga faqat bitta depozit hisobini biriktirish mumkin. Barcha ma’lumotlar Bank depozitorlarining milliy axborot bazasida saqlanadi. Xizmatdan foydalanish uchun ariza banklarning mobil ilovalari orqali yuboriladi.

Bunda, oluvchining bank hisobvarag‘iga bog‘lanadigan telefon raqami mijozning bank mobil ilovasida ro‘yxatga olingan telefon raqami bilan mos kelishi, telefon raqami mijozning nomida bo‘lishi va ushbu mijoz terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish bilan bog‘liq faoliyatga aloqador shaxs bo‘lmasligi kerak.

Ro‘yxatdan muvaffaqiyatli o‘tgan mijozlarga maxsus bog‘lash kodi beriladi va u shaxsiy kabinetda aks ettiriladi.

O‘tkazma mexanizmi

Pul o‘tkazmalari mobil ilovalar orqali masofadan turib yoki bank bo‘limlarida to‘lov topshiriqnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin. Tizimda jo‘natuvchi qabul qiluvchining telefon raqami yoki maxsus kodini kiritadi.

So‘rovdan keyin tizim qabul qiluvchining ismi va unga xizmat ko‘rsatuvchi bank haqida ma’lumot taqdim etadi.

Agar operatsiya turli banklar o‘rtasida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, jo‘natuvchi mablag‘ qabul qilinadigan bankni tanlash huquqiga ega bo‘ladi.

Tizim to‘lovni tasdiqlashdan oldin qabul qiluvchining shaxsini va xizmat uchun undiriladigan komissiya miqdorini ko‘rsatadi. Bu esa xatolar va noto‘g‘ri o‘tkazmalar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Tranzaksiya yakunlangach, sana, vaqt, operatsiya raqami (BID), tomonlar ismlari, hisob raqamlari, o‘tkazilgan summa va komissiya haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron hujjat shakllantiriladi.

Loyiha bo‘yicha fikr-mulohazalar shu yilning 13-iyunigacha qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida regulyator banklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi «Account-to-Account» (A2A) formatidagi xizmat ishga tushirilganini ma’lum qilgan edi. Bunday o‘tkazmalar uchun tariflar esa har bir tijorat banki tomonidan mustaqil belgilanadi.

Теглар

Мавзуга оид

Endi pul o‘tkazmalarini telefon raqami orqali ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi | Vaqt.uz