Logo

Eron AQSH bilan kelishuv imzolanadigan sanani ma’lum qildi

Mas’ud Pizishkiyon urush paytida mamlakatda ichki barqarorlik saqlab qolinganini ta’kidladi.

Eron AQSH bilan kelishuv imzolanadigan sanani ma’lum qildi

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Tehron va Vashington o‘rtasidagi mojaroga barham berishga qaratilgan kelishuv 19-iyun kuni imzolanishini ma’lum qildi.

Eronning IRNA davlat agentligi xabariga ko‘ra, davlat rahbari ushbu bayonotni Ichki ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida bergan.

«O‘zaro harakatlar muvofiqlashtirilgani natijasida Eron va AQSH o‘rtasidagi kelishuv bayonnomasi juma kuni imzolanadi», — dedi Pizishkiyon.

Prezident, shuningdek, mojaro davrida mamlakatda ichki barqarorlikni saqlab qolishga erishilganini, davlat idoralari esa o‘z vazifalarini samarali bajarishda davom etganini ta’kidlagan.

Avvalroq Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bir qator jadal muzokaralardan so‘ng Vashington va Tehron o‘rtasida kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan edi.

O‘z navbatida, Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy kelishuvga erishilganini tasdiqlab, o‘zaro anglashuv memorandumi 19-iyun kuni Shveysariyada imzolanishini bildirgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp ham kelishuv ustidagi ishlar yakunlanganini e’lon qilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi va Amerikaning dengiz qamali bekor qilinishini ma’lum qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид