Eronda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar soni e’lon qilindi
O‘zbekiston elchixonasining ma’lum qilishicha, hozirda Eronga qilingan hujumdan jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.

Hozirgi vaqtda Eron hududida 81 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zbekistonning Eron Islom Respublikasidagi elchixonasi ma’lum qildi.
Shulardan:
8 nafari – diplomatik vakolatxonalar xodimlari
9 nafari – Qum shahrida tahsil olayotgan talabalar
55 nafari – Eron hududida doimiy yashovchi fuqarolar
9 nafari – xususiy safar bilan borganlar
«Eronda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q», – deyiladi xabarda.
Elchixona vatandoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turgani va ular bilan muntazam muloqotni ta’minlayotganini bildirgan.
Yaqin Sharqdagi voqealarga O‘zbekistonning munosabati
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskin ravishda taranglashuvi va keng mintaqada yangi ziddiyatli holat yuzaga kelganidan jiddiy xavotirdaligini bildirdi.
«Barcha tomonlarni vazminlikka da’vat etib, nafaqat harbiy-siyosiy, balki gumanitar jihatdan oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli keskinlashuvga sabab bo‘ladigan keyingi qadamlardan tiyilishga chaqiramiz», – deyiladi TIV bayonotida.
O‘zbekiston vujudga kelgan inqirozni xalqaro huquq normalari asosida, siyosiy-diplomatik vositalar orqali va o‘zaro maqbul muloqot yo‘li bilan hal etish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlagan. O‘zbekiston Respublikasi mintaqaviy barqarorlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashning izchil tarafdori ekani va vaziyatning eng tez fursatlarda normallashuvidan umidvor bo‘lib qolishi bildirilgan.
Yaqin Sharqda nimalar bo‘lyapti?
Kecha, 28-fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim obyektlari – prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqladi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘radi. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilindi.
Shu orada AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot berdi va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqladi. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidladi. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidladi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi. Tehronning qarshi hujumi isroil bilan cheklanmadi. Eron AQSHning mintaqadagi harbiy bazalariga ham zarbalar yo‘lladi. BAA, Bahrayn, Qatar kabi davlatlarda ham portlashlar sodir bo‘ldi.
Oldinroq Isroil va AQSHning hujumida Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Mamlakatda motam e’lon qilindi. Armiya qasos olishga va’da berdi.





