Farg‘onadagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlandi

23.02.2026 | 12:383 дақиқа

Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi 62 nafar bola o‘tkir diareya bilan shifoxonaga yotqizilganini tasdiqladi.

Farg‘onadagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlandi

Farg‘ona shahridagi qator davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ommaviy zaharlanish alomatlari qayd etildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, 21-fevral kuni soat 19:00 dan boshlab 2-, 58- va 61-sonli bog‘chalar bolalari tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va ich ketishi belgilari bilan Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. Hozirda 62 nafar bola statsionar sharoitda davolanmoqda, ularga «o‘tkir diareya, alimentar etiologiyali» tashxisi qo‘yilgan, ahvoli barqaror deb baholangan.

«Kun.uz» xabariga ko‘ra, 20-fevral kuni 61-, 58-, 22- va 2-sonli DMTT tarbiyalanuvchilari orasida isitma, qayt qilish va ich ketish holatlari kuzatilgan. Ota-onalar farzandlari uyga kelgach tobi qochganini, poliklinikalar va shifoxonalarda boshqa bog‘chalardan ham keltirilgan bemor bolalar ko‘p bo‘lganini aytmoqda. Ayrim murojaatchilar go‘shtli taomdan zaharlanish ehtimolini ilgari surgan.

Bolalar go‘shtdan zaharlangan bo‘lishi mumkin

«2019-yilda tug‘ilgan o‘g‘lim Farg‘ona shahridagi 2-davlat bog‘chasida tarbiyalanadi. 20-fevral kuni uyga kelganidan keyin isitmalab, ichi ketdi. Poliklinikaga olib bordik. Ko‘rdikki, u yerda boshqa bog‘chalardan kasallanib kelgan bolalar ko‘p edi. Surishtirsak, shaharning boshqa bog‘chalaridan ham bolalar olib kelingan ekan. O‘g‘lim hozirda Farg‘ona shahridagi bolalar kasalxonasida davolanyapti. Shifoxonalar kasallangan bolalarga to‘lib ketgan. Quvasoy shahrida ovqat tayyorlanib, Farg‘ona shahridagi bolalar bog‘chalariga tarqatiladi, gumonimiz – bolalar ovqatdan zaharlangan bo‘lishi mumkin», degan murojaatchi onalardan biri.

«Bolam 58-bog‘chaga boradi. 20-fevral kuni uyga tobi qochgan holda qaytdi. Bog‘cha opasi ham guruhga yozdi, bolalarga ehtiyot bo‘linglar, suyuqlik bering, ovqatdan zaharlanish bo‘ldi, deb. Bolamni kasalxonaga yotqizdik. Go‘shtdan zaharlanibdi deyishyapti», deydi shaxsi sir qolishini istagan yana bir fuqaro.

Ovqat yetkazuvchi korxona

«Garden catering Trade» MCHJ qo‘shma korxonasining DMTTlar uchun bir kunlik tayyor issiq ovqat jadvaliga ko‘ra, 20-fevral kuniga nonushtada grechka, sutli choy, saryog‘ va non; tushlikda borsh, teftel, xonaki kartoshka, sabzi va olmali salat, non va quruq mevali kompot; 2-tushlikda mayizli keks va choy; kechki ovqatga kartoshka pyure, choy va non ko‘zda tutilgan.

2024 yil 25-iyulda viloyat hokimi bog‘chalarda sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Hujjatga ko‘ra, shu yili 1-avgustdan boshlab Quvasoy shahridagi davlat bog‘chalarida 5 oy muddatga keytering tizimi joriy etilishi, taomlarni tayyorlash va yetkazish bilan esa Quvasoydagi «Garden catering» qo‘shma korxonasi shug‘ullanishi bo‘yicha takliflar ma’qullangan. Shuningdek, mazkur tajriba-sinov natijalari ijobiy bo‘lsa, yil yakuniga qadar ushbu tizim Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida ham tashkil etilishi belgilangan. Viloyat hokimligi bu tajriba O‘zbekistonda birinchi marta sinov tariqasida amalga oshiralayotganini qayd etgan.

Raqobat qo‘mitasi ushbu korxonaga oid qarorini bekor qilishni talab qilgan

Keyinroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi «Garden catering» korxonasi faoliyatini o‘rganib, xizmatlarida bir qancha talablarga rioya qilinmagani, xususan, taomlarning retseptura to‘plami, tarkibiy qismi hamda energetik qiymati SanQvaM 0016-21 talablari asosida ishlab chiqilmagani, tarbiyalanuvchilarga yetkazib beriladigan taomlarni tashish, saqlash va iste’molga berilishiga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha tizimli ishlar belgilab olinmaganini aniqlagan. Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hokimidan Quvasoydagi keytering korxonasiga oid qarorini bekor qilishni talab qilgan.

Hozirda sanitariya-epidemiologik xizmat mutaxassislari bog‘chalar va ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruv o‘tkazib, taomlardan laboratoriya namunalarini olgan. Natijalar qo‘shimcha ravishda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид