Farq qisqarmoqda: 2026-yil I chorak uchun Humo va Uzcard foydasi ma’lum bo‘ldi

Бугун 16:272 дақиқа

Uch oy ichida Humo foydasi 4,3 barobar ko‘payib, 200 mlrd so‘mdan oshib ketdi. Uzcard foydasi ham 2025-yilga nisbatan ko‘paydi. To‘lov tizimlarining SMS xabarnomalar narxi muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Farq qisqarmoqda: 2026-yil I chorak uchun Humo va Uzcard foydasi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda mahalliy to‘lov tizimlari 2026-yilning I choragi uchun moliyaviy hisobotlarini e’lon qildi.

«Milliy banklararo protsessing markazi» AJ — Humo uch oy ichida 205,9 mlrd so‘m sof foyda olishga erishdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. O‘shanda to‘lov tizimi 48 mlrd so‘m foyda olgandi.

O‘tgan yil bilan solishtirilganda kompaniya daromadi 99,2 mlrd so‘mdan 308,6 mlrd so‘mga o‘sdi. Bunda xarajatlar o‘sishi ancha kamroq bo‘lib, 33,2 mlrd so‘mdan 55,2 mlrd so‘mga yetdi.

Foyda va daromad keskin o‘sishiga qaramasdan, Humo to‘lov tizimi foyda solig‘i uchun 2026-yilda ancha kamroq to‘ladi.

O‘tgan yili foyda solig‘iga 8,8 mlrd so‘m to‘langan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich atigi 11,2 mln so‘mni tashkil qildi. Bunga Humo 2025-yil aprelida IT Park rezidentlari qatoriga qo‘shilgani va soliq imtiyozlaridan foydalangani sabab bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Humo to‘lov tizimini 2025-yil boshida Paynet kompaniyasi 65 mln dollarga sotib olgandi. Paynet’ning o‘zi I chorakni qariyb 500 mlrd so‘mlik foyda bilan yakunlagandi.

«Yagona umumrespublika protsessing markazi» AJ — Uzcard esa I chorakni 437,4 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 42,2 foizga yoki qariyb 130 mlrd so‘mga ko‘proq.

Bunda kompaniyaning uch oydagi daromadlari 38,3 foizga yoki 172,2 mlrd so‘mga o‘sib, 621,7 mlrd so‘mni tashkil qildi. Xarajatlar esa 41,4 foizga oshib, 199,9 mlrd so‘mga yetdi.

2025-yilda foyda qanday bo‘lgandi?

2025-yilgi to‘liq hisobot yilida Uzcard foydasi Humo’nikidan 4 barobar ko‘proq edi. Tomonlar mos ravishda 1,3 trln so‘m va 312,5 mlrd so‘m sof foyda olgandi.

Ikkala to‘lov tizimi orasidagi sof foyda farqi 2026-yilning I choragida kamayib, 2,1 barobarni tashkil qilmoqda.

Uzcard bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekistondagi 90 foiz bankdan ko‘proq foyda olishga erishgandi. Shunga qaramay, kompaniya yil davomida 542,4 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan ham foydalangan.

To‘lov tizimi soliq imtiyozidan foydalanish bo‘yicha mamlakatdagi tashkilotlar orasida TOP-10 likdan joy olgan.

SMS xabarnomalar narxi

O‘tgan oyda Uzcard va Humo SMS xabarnomalari narxi qancha ekani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bunga Humo’ning narxni oshirish haqida xabari sabab bo‘ldi.

Uzcard to‘lov tizimida 5800 raqami orqali yuboriladigan SMS-xabarlar uchun tarif 168,4 so‘m etib belgilangan. Ushbu xizmat PlayMobile kompaniyasi tomonidan taqdim etiladi va yangi tarif 2025-yil 1-martdan amal qila boshlagan.

HUMO tizimida esa SMS tarifini oshirish rejasi qayta ko‘rib chiqildi. Foydalanuvchilar fikri inobatga olingan holda, 2026-yil 1-maydan boshlab tarif o‘zgarmasdan qoldi va 84,2 so‘m miqdorida saqlandi.

Теглар

Мавзуга оид

Farq qisqarmoqda: 2026-yil I chorak uchun Humo va Uzcard foydasi ma’lum bo‘ldi | Vaqt.uz