FIFA rahbari JCH chiptalari nega qimmat ekanini tushuntirdi
Jahon chempionati finali uchun yuqori qatorlardagi chipta narxi 8860 dollar bo‘lsa, quyi qatorlardagi chiptalar 25 ming dollargacha baholanmoqda

FIFA prezidenti Janni Infantino Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan joriy yilgi Jahon chempionati chiptalarining yuqori narxlarini himoya qilib chiqdi. Uning ta’kidlashicha, butun dunyo e’tiborini o‘ziga tortadigan ushbu musobaqa tashkilotning har to‘rt yilda bir keladigan asosiy va yagona daromad manbai hisoblanadi.
17-aprel kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan «Semafor» jahon iqtisodiyoti sammitida so‘zga chiqqan Infantino FIFA 211 ta davlatni o‘zida birlashtirgan notijorat tashkilot ekanini yana bir bor eslatib o‘tdi.
«Jahon chempionatidan milliardlab daromad ko‘rishimiz hech kimga sir emas, ammo ko‘pchilik FIFAning notijorat tashkilot ekanini bilmaydi. Bu esa topgan barcha foydamizni butun dunyo bo‘ylab 211 ta davlatda futbolni tashkil etish va rivojlantirishga sarflashimizni anglatadi. Agar biz ajratadigan grantlar bo‘lmaganda, ushbu mamlakatlarning to‘rtdan uch qismi futbol musobaqalarini o‘tkaza olmagan bo‘lardi. Shu bois, biz doim eng maqbul muvozanatni topishga intilamiz», — dedi Infantino.
Chipta narxlari
17-aprel kuni «StubHub» ikkilamchi chiptalar saytida o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, AQSHning 12-iyun kuni Paragvayga qarshi o‘tkazadigan dastlabki o‘yini uchun eng arzon chipta 1359 dollar etib belgilangan. Los-Anjelesdagi o‘yingohning quyi qatorlaridagi joylar narxi esa hatto 14 ming dollargacha yetadi.
19-iyul kuni Nyu-York hududida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati finali uchun yuqori qatorlardagi chipta narxi 8860 dollarni tashkil qilsa, quyi qismdagi chiptalar 25 ming dollargacha baholanmoqda.
Chiptalar narxi va ularning taqchilligi bilan bog‘liq dastlabki e’tirozlardan so‘ng, FIFA har bir stadionning kichik bir qismi uchun 60 dollarlik arzonlashtirilgan variantni joriy qildi.
«Shimoliy Amerika o‘ziga xos bozor»
«FIFA uchun asosiy va hozircha yagona daromad keltiradigan tadbir bu — Jahon chempionatidir. Jahon chempionati har to‘rt yilda bir oygina davom etadi, demak, biz faqat shu bir oy ichida mablag‘ ishlab topamiz. Keyingi musobaqagacha bo‘lgan 47 oy davomida esa o‘sha mablag‘ni sarflaymiz», — dedi Infantino.
Infantino Shimoliy Amerikani «juda o‘ziga xos bozor» deb atadi va bu bozorni yaxshiroq «anglash» maqsadida so‘nggi ikki-uch yil davomida AQSHda yashab kelayotganini ta’kidladi.
Yangi format
Bu yilgi Jahon chempionatida rekord miqdorda — 48 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Jamoalar har birida 4 tadan ishtirokchi bo‘lgan 12 ta guruhga bo‘lingan. O‘yinlarga AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladi. Musobaqa davomida jami 104 ta uchrashuv o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ham turnir tarixidagi yangi rekord hisoblanadi.





