Fitch O‘zbekiston kredit reytingini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi

Бугун 18:402 дақиқа

Xalqaro reyting agentligi mamlakat kredit reytingi «BB» darajasida tasdiqladi va kutilmani yaxshiladi.

Fitch O‘zbekiston kredit reytingini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi

Fitch xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reytingini «BB» darajasida tasdiqlab, reyting kutilmasini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi. Bu haqda agentlikning 3-iyun kuni chop etilgan hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

2025-yilda Fitch tomonidan O‘zbekiston kredit reytingi «BB-»dan 1 pog‘ona yuqoriga «BB» darajasiga oshirilgan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, 2014-yildan buyon faqatgina 15 ta mamlakat 12 oy ichida reyting bahosi va kutilmasini ketma-ket oshirishga erishgan.

Hisobotda O‘zbekiston kredit reyting kutilmasining «ijobiy»ga oshirilishi bir nechta sabablar bilan izohlangan.

Birinchidan, global noaniqliklarga qaramay, islohotlar natijadorligi va makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan siyosatning davom ettirilishi orqali o‘rta muddatda barqaror iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, fiskal va monetar islohotlarning davom ettirilishi makroiqtisodiy siyosat va shaffoflikni mustahkamlash orqali budjet taqchilligini pasaytirish hamda xalqaro zaxiralarning sezilarli oshishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar boshqaruv sifati ko‘rsatkichlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

«BB» reytingi O‘zbekistonning davlat qarzining YAIMga nisbatan pastligi, katta tashqi buferlar va yuqori o‘sish salohiyatini aks ettirishda davom etmoqda.

Shunga qaramay, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMning nisbatan pastligi, yuqori xomashyoga bog‘liqlik va yuqori inflatsiya mamlakat kredit reytingiga salbiy ta’sir qilayotgani aytilgan.

O‘zbekistonning kredit reytingi yaxshilanishiga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«Bu xalqaro investorlar tomonidan mamlakatimizga bildirilgan yuksak ishonch belgisidir. Mamlakatimizning suveren kredit reytingini oshirish bo‘yicha ishchi guruh rahbari sifatida alohida ta’kidlamoqchimanki, biz hamkorlarimiz bilan faol aloqalarni davom ettiramiz. Strategik maqsadimiz — 2030-yilga qadar yurtimiz reytingini “investitsiyaviy” darajaga olib chiqish», — deydi u o‘z Telegram kanalida.

Kredit reytingi o‘zi nimaga kerak?

Kredit reytingi mamlakatning moliyaviy ishonchlilik darajasini baholaydi. Reyting qanchalik yuqori bo‘lsa, O‘zbekiston xalqaro bozorlardan shunchalik arzon va qulay shartlarda qarz jalb qila oladi.

Bundan tashqari, kredit reytingi xorijiy investorlar uchun ham muhim signal bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotiga bo‘lgan munosabatni belgilab beradi.

Avvalroq Fitch O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar keskin oshishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Теглар