Global iqtisodiy inqiroz yuz berishi bashorat qilindi
Dunyo iqtisodiyotining tanazzuliga Xitoy sababchi bo‘lishi mumkin.
© Ijtimoiy tarmoqlarSo‘nggi yigirma yillikda Xitoyning savdo profitsiti rekord darajaga yetdi. 2025 yilda mamlakatning tashqi savdo profitsiti qariyb 1,2 trln dollarga chiqdi. Biroq global talabning bunday hajmdagi eksport o‘sishini qabul qilish imkoniyati cheklangan.
«Foreign Affairs» tahliliga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyoti tobora sanoat ishlab chiqarishi va tashqi bozorlarga bog‘lanib bormoqda. Mamlakat hozir global sanoat ishlab chiqarishining qariyb 30 foizini ta’minlaydi. 2030 yilga borib bu ulush 45 foizga yetishi mumkin.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bahosiga ko‘ra, Xitoy sanoati o‘sishining sezilarli qismi davlat subsidiyalari hisobiga ta’minlangan. Bu esa ishlab chiqaruvchilarning talab va rentabellikdan qat’i nazar quvvatlarni kengaytirishida muhim omil bo‘lmoqda.
Avtomobil bozorida ortiqcha quvvat mavjud
Muammo avtomobil sanoatida yaqqol ko‘rinadi. Xitoy yiliga taxminan 25 mln ta elektromobil va gibrid ishlab chiqarish imkoniyatiga ega, ichki talab esa 12 mln atrofida qolmoqda.
Mamlakatda barcha turdagi avtomobillar bo‘yicha umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga taxminan 55 mln taga yetadi.
Qayd etilishicha, Xitoy iqtisodiyoti burilish nuqtasiga yaqinlashmoqda: eksportning yanada tezlashishi jahondagi talabning cheklangan imkoniyatlari bilan to‘qnashishi va yangi savdo nizolari to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin.
Savdo ziddiyatlari kuchaymoqda
Xitoy eksportining o‘sishi allaqachon asosiy savdo hamkorlariga bosim o‘tkazmoqda. Yevropa Ittifoqi Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga bojlar joriy qilgan.
Germaniya avtomobil sanoati ham bosimni sezmoqda. 2022–2025 yillar oralig‘ida Germaniyaning Xitoyga avtomobil eksporti 66 foizga qisqargan.





