Gulira’no Qosimova ishi: sud ma’naviy zarar to‘lash bo‘yicha qaror chiqardi

Бугун 16:352 дақиқа

O‘tgan yili katta muhokamalarga sabab bo‘lgan Gulira’no Qosimova ishi bo‘yicha sud qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, sobiq ichki ishlar amaldorlaridan ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Gulira’no Qosimova ishi: sud ma’naviy zarar to‘lash bo‘yicha qaror chiqardi

Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 29-maktabning sobiq direktori Gulira’no Qosimovaga u bilan bog‘liq ish ortidan yetkazilgan ma’naviy zarar to‘lab beriladigan bo‘ldi. Bu haqda Qosimova VAQT.UZ bilan suhbatda ma’lum qildi.

Uning aytishicha, 12-may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida tegishli ish ko‘rib chiqilgan va sud qarori bilan 122 mln so‘m ma’naviy zarar hisoblangan. Shuning 61 mln so‘mi Gulira’no Qosimovaga, qolgan 61 mln so‘mi esa sobiq soliq inspeksiyasi rahbariga to‘lanishi belgilangan.

Sud qarorida bu zararlar Furqat tuman IIB sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovdan undirilishi ko‘rsatilgan.

Gulira’no ishi

O‘tgan yili Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan voqea katta rezonansga sabab bo‘lgan edi. O‘sha paytda Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida maktab direktori bo‘lib ishlagan Gulira’no Qosimova o‘ziga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan zo‘ravonlik va tahqirlash holatlari sodir etilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman IIB tezkor xodimlari uni va soliq inspeksiyasi boshlig‘ini «jinoyat sahnasi» sifatida sahnalashtirilgan operatsiyaga jalb etib, urgan, yechintirgan va yolg‘on ayblovlar ostida bosim o‘tkazgan. Ayol ularning aytganini qilmagani va soliq inspeksiyasi boshlig‘iga tuhmat qilish taklifini rad etgani uchun videoga olinib, keyinroq tahdid va shantajga uchragani aytiladi.

Mazkur holat sudda ko‘rib chiqilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 2025-yil 28-noyabrdagi hukmi bilan Furqat tuman IIB sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarida o‘tattirilishi belgilangan.

Joriy yil mart oyida Gulira’no Qosimova o‘z lavozimidan ozod etildi. U 17-mart kuni rasman ishdan bo‘shagan. Ishdan ketish to‘g‘risidagi qaror tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan qabul qilingan.

Теглар

Мавзуга оид