«Hamkorbank» boshqaruv raisi Baxtiyorjon Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi
Polshalik bankir Rafal Yushchak «Hamkorbank» boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

O‘zbekistondagi xususiy banklardan biri bo‘lgan «Hamkorbank» ATB boshqaruvi tarkibida o‘zgarish yuz berdi. Polshalik bankir Rafal Yushchak bank boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganini o‘zining Facebook sahifasi orqali ma’lum qildi. Bank hozircha ushbu tayinlov bo‘yicha rasmiy bayonot e’lon qilmagan.
Rafal Yushchak
Rafal Yushchak moliyaviy xizmatlar sohasida 26 yildan ortiq tajribaga ega bankir bo‘lib, asosan biznesni rivojlantirish, transformatsiya jarayonlari va bank boshqaruvi yo‘nalishlarida faoliyat yuritgan. U PKO BP, FUIB Ukraine, Getin Holding, Alfa Bank Belarus va Alfa Bank Ukraine kabi moliyaviy institutlarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Yushchak faoliyati davomida raqamli bank xizmatlari, yangi mahsulotlarni joriy etish va banklarni transformatsiya qilish bo‘yicha tajribasi bilan tanilgan. Uning boshqaruvi ostidagi ayrim banklar xalqaro nashrlar tomonidan «Yil banki» sifatida e’tirof etilgan.
Bahtiyorjon Jo‘rayev
Mazkur lavozimda bunga qadar Bahtiyorjon To‘ymuratovich Jo‘rayev ishlab kelayotgandi. U 1981 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. U bank tizimida 2002 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Hamkorbank boshqaruv raisi lavozimida esa 2021 yildan boshlab ishlagan. Bank sohasidagi yangiliklarni berib boruvchi «Bankirlar uchun» telegram kanaliga ko‘ra, Bahtiyorjon Jo‘rayev o‘z ixtiyoriga ko‘ra mazkur lavozimni tark etgan va mazkur bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.





