Logo

«Hamkorbank» yarim yilda 1 trln so‘mga yaqin foyda oldi

Бугун 14:351 дақиқа

Bankning birinchi yarim yillikdagi foydasi rekord darajada bo‘ldi.

«Hamkorbank» yarim yilda 1 trln so‘mga yaqin foyda oldi © Ijtimoiy tarmoqlar

«Hamkorbank» 2026 yilning yanvar—iyun oylari uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bank yarim yil davomida 970 mlrd so‘m sof foyda olgan.

Bank foydasi 2025 yilning mos davriga nisbatan 163,2 mlrd so‘mga yoki 20,2 foizga ko‘paygan. O‘shanda bank foydasi 806,8 mlrd so‘m bo‘lgandi va bu borada O‘zbekistonda kuchli uchlikda edi.

Hisobot davrida bankning foizli daromadlari 2,99 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,5 foizga oshdi. Foiz xarajatlari esa 13,9 foizga ko‘payib, 1,52 trln so‘mni tashkil etdi.

Foizsiz daromadlar ham sezilarli o‘sishni qayd etib, 33,7 foizga oshgan holda 2,81 trln so‘mga yetdi. Ayni paytda foizsiz xarajatlar o‘sish sur’ati yuqoriroq bo‘lib, 57 foizga ko‘payishi natijasida 1,51 trln so‘mni tashkil qildi.

Yanvar–iyun oylarida xodimlarga to‘langan ish haqi va boshqa mehnat bilan bog‘liq xarajatlar 790 mlrd so‘mga yetdi. Bankning umumiy operatsion xarajatlari 1,15 trln so‘m, foyda solig‘i bo‘yicha to‘lovlari esa 181,2 mlrd so‘m bo‘ldi.

1-iyul holatiga ko‘ra, «Hamkorbank»ning jami aktivlari 41,3 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,6 foizga o‘sdi. Kredit va lizing portfelining sof hajmi 42,2 foizga kengayib, 29 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bankning xususiy kapitali 7,7 trln so‘mga yetdi.

«Hamkorbank» O‘zbekistonda eng ko‘p foyda oladigan banklardan biri hisoblanadi. Bank 2020 yildan beri bu borada kuchli to‘rtlikda bormoqda.

Теглар

Мавзуга оид