Havo qatnovidagi uzilish Dubay uchun qimmatga tushmoqda
Yaqin Sharqdagi keskinlik sabab dunyodagi eng yirik xalqaro aviatsiya xablaridan birining faoliyati izdan chiqdi.
© Foto: NDTV.comYaqin Sharqda yuzaga kelgan harbiy keskinliklar fonida Dubaydagi ikki yirik aeroport — «Dubai International» va «Al Maktoum International» faoliyatida uzilishlar yuzaga keldi. Yuzlab aviareyslar bekor qilindi yoki boshqa manzillarga yo‘naltirildi. Bu holat shahar iqtisodiyotiga kuniga yuzlab million dollar miqdorida zarar keltirmoqda. Bu haqda NDTV World xabar berdi.
Yo‘lovchi oqimi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dubay xalqaro aeroporti 2023 yilda 87 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi choragida 23,4 million kishi ushbu tranzit markazi orqali parvoz qilgan. Bu kuniga o‘rtacha 260–270 ming yo‘lovchi qatnaydi, deganidir. 2026 yilning 3-yanvarida esa bir kunlik rekord ko‘rsatkich — 324 ming yo‘lovchi qayd etilgan.
Aviakompaniyalar uchun moliyaviy xavf
Qayd etilishicha, bu vaziyatning markazida «Emirates» aviakompaniyasi turibdi. Kompaniya 2025–2026 moliyaviy yilning birinchi yarmida 65,6 milliard dirham miqdorida tushumga ega bo‘lgan. Bu esa kuniga o‘rtacha 360–370 million dirham, ya’ni qariyb 100 million dollar daromad deganidir. Parvozlarning bir kunga to‘liq to‘xtatilishi ham kompaniyaning moliyaviy aylanmasiga katta xavf tug‘diradi. Shuningdek, «flydubai» hamda Dubay orqali qatnaydigan yuzdan ortiq xorijiy aviakompaniyalar ham bundan jiddiy zarar ko‘radi.
Dubay hukumati vakillari avvalroq Dubay xalqaro aeroporti faoliyatining kutilmaganda to‘xtatilishi iqtisodiyotga har daqiqada taxminan 1 million dollar zarar keltirishini ma’lum qilgan. Bu 24 soatlik to‘xtash yuzlab million, hatto 1 milliard dollardan ortiq kechiktirilgan yoki yo‘qotilgan faoliyatga teng bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Iqtisodiyotga ta’sir
Ta’kidlanishicha, aviatsiya sohasi Dubay iqtisodiyotining asosiy tayanchi hisoblanadi. 2023 yilda mazkur tarmoq 137 milliard dirham (qariyb 37 milliard dollar) miqdorida daromad keltirgan va bu shahar yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 27 foizini tashkil etgan. Turizm sohasini ham qo‘shib hisoblaganda, ushbu ko‘rsatkich 180 milliard dirhamga yetadi.
Moliya bozorlari ham bu vaziyatga o‘z munosabatini bildira boshladi. Harbiy zarbalardan so‘ng Dubayning asosiy fond indeksi 1–2 foizga pasaydi. Buning ortidan investorlar aviakompaniyalar va banklarning kelgusi daromadlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.




