Ijara shartnomalar orqali hisoblangan soliqlar miqdori ma’lum qilindi

Бугун 09:082 дақиқа

2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk ijara shartnomasi soni 507 mingga yaqinlashdi.

Ijara shartnomalar orqali hisoblangan soliqlar miqdori ma’lum qilindi © stock

2026 yil yanvar–mart oylari yakunlariga ko‘ra, soliq organlarida jami 506,9 mingta ko‘chmas mulk ijara shartnomasi hisobga qo‘yildi. Ushbu shartnomalar bo‘yicha 299 mlrd so‘m soliq hisoblangan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomalar

Jismoniy shaxslar o‘rtasida 359,7 mingta ijara shartnomasi tuzilib, ular asosida 229,3 mlrd so‘m daromad solig‘i hisoblangan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan shartnomalar soni 19,3 foizga, hisoblangan soliq esa 45,1 foizga oshganini anglatadi.

Yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomalar

Yuridik shaxslar o‘rtasida esa 140,1 mingta shartnoma qayd etildi. Ular bo‘yicha 69,7 mlrd so‘m soliq hisoblangan. Mazkur ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan shartnomalar soni 25,5 foizga, soliq tushumlari esa 19,3 foizga o‘sganini ko‘rsatadi.

Hududlar kesimida eng yuqori ulush

Hududlar kesimida eng yuqori ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, u yerda 184,3 mingta shartnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Toshkent viloyati, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari ham yuqori faollik ko‘rsatgan hududlar qatorida qayd etildi.

Talabalarga imtiyozlar

Talabalarga uy-joyni ijaraga berishdan olinadigan daromadlar soliqdan ozod etilgan. 2026 yilning birinchi choragida mazkur imtiyozlar doirasida 28,3 mlrd so‘mlik yengillik qo‘llanildi.

Shu davrda talabalar bilan 77,8 mingdan ortiq ijara shartnomasi tuzildi. Ijarada yashovchi talabalar soni esa 108 741 nafarni tashkil etdi. Bu davlat tomonidan ijara bozorini qo‘llab-quvvatlash va talabalar uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan siyosat samarasini ko‘rsatmoqda.

Теглар

Мавзуга оид