Logo

Ilon Mask ilk trillionerga aylandi

Бугун 09:252 дақиқа

SpaceX aksiyalarining tarixiy IPO’si kompaniya qiymatini 1,77 trillion dollarga yetkazdi. Bu esa Ilon Mask boyligini 1 trillion dollardan oshirib, uni dunyodagi birinchi trillionerga aylantirdi.

Ilon Mask ilk trillionerga aylandi © joltjournal.com

Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi AQSH tarixidagi eng yirik IPO’ni amalga oshirdi. Kompaniya aksiyalari bir donasi 135 dollardan baholanib, jami 555,56 million aksiya sotildi. Natijada SpaceX 75 milliard dollar jalb qildi va uning bozor qiymati 1,77 trillion dollarga yetdi.

Bu ko‘rsatkich SpaceX’ni AQSHdagi eng qimmat kompaniyalar qatoriga olib chiqdi. Kompaniya «Nasdaq» birjasida savdolar boshlanishi bilan mamlakatdagi yettinchi eng yirik ommaviy kompaniyaga aylanadi. SpaceX qiymati «JPMorgan Chase», «Berkshire Hathaway», «Eli Lilly», «Tesla» va «Meta» kabi gigantlardan ham yuqori baholanmoqda.

IPO jarayoni bir qator an’anaviy Uoll-strit qoidalarini buzgan holda o‘tdi. Kompaniya aksiyalarining 30 foizi chakana investorlar uchun ajratildi. Shuningdek, IPO narxi odatdagi muzokaralar jarayonidan oldin e’lon qilindi. IPO yakunlanganidan keyin ham Mask kompaniyadagi ovoz berish huquqining 82 foizini saqlab qoldi.

SpaceX haqida

2002 yilda tashkil etilgan SpaceX hozirda raketa uchirish, sun’iy yo‘ldoshlar va sun’iy intellekt sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning asosiy daromad manbai «Starlink» sputnik internet xizmati bo‘lib, u 164 mamlakatda millionlab mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda orbitaga chiqarilgan yuklarning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i SpaceX hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, tahlilchilar kompaniyaning yuqori bahosiga ehtiyotkorona yondashmoqda. Ayrim ekspertlar SpaceX daromadlarining davlat shartnomalariga yuqori darajada bog‘liqligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, kompaniya kelajakda Jeff Bezos asos solgan Blue Origin kabi raqobatchilar bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi.

Теглар

Мавзуга оид