Insofsiz sug‘urta agentlari ochiq reyestrga kiritiladi

Бугун 12:552 дақиқа

O‘zbekistonda sug‘urta agentlari uchun yangi talablar joriy etildi, qoidabuzar sug‘urta agentlarining faoliyati cheklanishi mumkin.

Insofsiz sug‘urta agentlari ochiq reyestrga kiritiladi © vaqt.uz

Sug‘urta bozorida vositachilar faoliyatini tartibga solish maqsadida Adliya vazirligi 2-iyun kuni sug‘urta agentlari to‘g‘risidagi yangi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Hujjat sug‘urta agentlarining huquq va majburiyatlari, ularning faoliyatini nazorat qilish hamda qonunbuzarliklar uchun javobgarlik tartibini belgilaydi.

Nizomga muvofiq, sug‘urta agenti sug‘urtalovchi nomidan sug‘urta shartnomalarini tuzish va ularning bajarilishini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs hisoblanadi. Sug‘urtalovchi va agent o‘rtasidagi shartnoma Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida bir kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda agentga maxsus ID raqam berilishi shart.

Shuningdek, jismoniy shaxs bo‘lgan agentlarga o‘zlari yoki yaqin qarindoshlari nomiga rasmiylashtiriladigan sug‘urta shartnomalarida vositachi sifatida ishtirok etish taqiqlandi.

Kreditlar uchun tartib

Hujjatda bank kreditlari bilan bog‘liq sug‘urta shartnomalari uchun alohida qoidalar ham belgilangan. Unga ko‘ra, bunday shartnomalarda sug‘urta agenti sifatida faqat kredit ajratgan bank ishtirok etishi mumkin.

Biroq mijoz o‘z xohishiga ko‘ra sug‘urta kompaniyasini mustaqil tanlash huquqini saqlab qoladi. Bu norma kredit oluvchilar manfaatlarini himoya qilish va bozorda raqobatni ta’minlashga qaratilgan.

Nizomga ko‘ra, agent vositachiligida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lanadigan haq sug‘urtalovchining hisob raqamiga tushgan sug‘urta mukofotlarining 25 foizidan oshmasligi kerak.

Nazorat va reyestr

Sug‘urtalovchilar agentlar faoliyatini har olti oyda kamida bir marta monitoring qilishi shart. Tekshiruvlarda shartnomalarning qonuniyligi, sug‘urta mukofotlari hisobi va boshqa masalalar o‘rganiladi.

Qonunchilik talablarini buzgan agentlarga nisbatan yangi polislarni rasmiylashtirish yoki shartnomalarni tizimda ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Ayrim holatlarda agentlik shartnomasi ham bekor qilinadi.

Nizomga muvofiq, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi insofsiz sug‘urta agentlari reyestrini yuritadi. Firibgarlik, hujjat soxtalashtirish, korrupsiya yoki yolg‘on ma’lumotlar asosida shartnoma tuzish holatlarida agentlar ushbu ochiq reyestrga kiritiladi va ma’lum muddat davomida unda saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ILMA «Global Insurancye Group» litsenziyasini bekor qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид