Ipoteka subsidiyalari ikkilamchi bozorga ham berilishi mumkinmi?
Hozirda O‘zbekistonda davlat ko‘magi faqat yangi qurilgan uy-joylar uchun beriladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda kelajakda ikkilamchi bozordan uy sotib olish uchun ham ipoteka subsidiyalari ajratilishi mumkin. Bu haqda 12-may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili ma’lum qildi.
Vazirlikning Urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari Rasul Xamidovning ta’kidlashicha, bugungi kunda budjet mablag‘laridan ajratiladigan subsidiyalar faqat birlamchi bozorda uy-joy xarid qilish uchun yo‘naltirilyapti. Bu orqali aholini energiya samarador va yashash uchun qulay uylarga ko‘chirish maqsad qilingan. Ikkilamchi bozorga subsidiya ajratish masalasi esa hozircha ko‘rib chiqilayotgani yo‘q.
Shu bilan birga, davlat qurilish sohasini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Ya’ni ipoteka subsidiyalari orqali birlamchi bozordagi talabni oshirish va qurilish sektorini moliyaviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
«Bu orqali nafaqat ijtimoiy sohani, balki iqtisodiyotni ham qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan. Shuning uchun budjet mablag‘ini ikkilamchi bozorga ham berish masalasi kun tartibida hozircha yo‘q. Balki kelgusida qaysidir miqdorda yoki qaysidir yo‘nalishlarda berish maqsadga muvofiq deb topilsa, buni ko‘rib chiqishimiz mumkin», — dedi Rasul Xamidov.
Ayni paytda O‘zbekistonda ipoteka subsidiyalari asosan yangi qurilgan uy-joylar bozorini rivojlantirish va energiya samarador binolarga talabni oshirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis senatori Iqtisodiyot va moliya vazirligiga O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya ajratish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan senator so‘roviga yuborgan edi. Shuningdek, so‘rovda, ipoteka subsidiyalari nega ikkilamchi bozorga berilmasligi so‘ralgan. Vazirlik senator so‘roviga javoban subsidiya mablag‘larini ikkilamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirish iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanishini aytgan. Vazirlikka ko‘ra, davlat budjeti mablag‘lari, birinchi navbatda, yangi uylar qurilishini rag‘batlantirish, bandlikni oshirish va iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirishga xizmat qilishi lozim.





